Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilim va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash kerak

21:56 09 Oktyabr 2020 Siyosat
739 0

“Raqamli iqtisodiyotga oʻtmasak, orqada qolib ketyapmiz. Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqishimiz kerak. Shu asosda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini hayotga tatbiq etishimiz zarur”, deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida.

Haqiqatdan ham, taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash har qachongidan muhim. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda. Toʻgʻri, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etadi, lekin bu ishga bugun kirishmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin.  

Inchunun, raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, shu bilan birga, ortiqcha xarajatlarni ham kamaytiradi. Demak, davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali natijadorlikni oshirish va odamlar turmushini keskin yaxshilash lozim.

Partiyamiz saylovoldi dasturida “Raqamli Oʻzbekiston 2030” dasturini joriy etish, “katta maʼlumotlar” (“Big data”), «blokcheyn», “aqlli”, “xavfsiz” shahar, “internet buyumlar” texnologiyalarini keng joriy qilish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bizning asosiy maqsadimiz mamlakat YAIMning 30 foizga oʻsishi hamda yurtimizning “raqamli iqtisodiyotga tayyorlik” va “AKT rivojlanishi” xalqaro indekslari boʻyicha ilgʻor davlatlar qatoriga kirishini taʼminlashdan iborat.   

Binobarin, raqamli iqtisodiyotga oʻtish eng ustuvor maqsadimiz boʻlishi barobarida bevosita ilm-maʼrifatni rivojlantirish bilan chambarchas bogʻliqdir. Shu sababli bugungi tezkor zamonda raqamli iqtisodiyot ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida keng joriy etilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror axborot texnologiyalarining oʻqitilishini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtaradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Unga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta taʼlim vazirligining respublika tuman va (shahar)larida mavjud umumtaʼlim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan  maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Tegishli vazirliklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-2022 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan va boshqa umumtaʼlim maktablarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining “Bir million dasturchi” loyihasiga oid oʻquv dasturlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilinishini taʼminlaydi.  

2021/2022 oʻquv yilidan ushbu yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlayotgan barcha OTM maktablarning bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) oʻz olimpiadasini oʻtkazadi. Tanlovda 1-3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar birinchi oʻquv yili uchun toʻlov OTMning mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qaroriga asosan 2021-yil 1-yanvarga qadar “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portali ishga tushiriladi va unda dasturlash sohasida oʻtkaziladigan olimpiadalar, tanlovlar va aksiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirib boriladi.

Xulosa shuki, yurtimizda bu yoʻnalishda koʻrilayotgan chora-tadbirlar davlat organlari va tarmoq tashkilotlarini malakali IT-mutaxassislar bilan taʼminlash, mehnat bozorining shunday mutaxassislarga boʻlgan talabini qondirishga qaratilgan. Prezidentimiz barchamizni aynan shu sohadagi bilimlarni mustahkamlash va jamiyatimiz hayotiga tatbiq etishga undayotgan ekan, faoliyatimiz davomida innovatsion ishlanmalarni chuqur oʻrganishimiz zarur, deb hisoblayman. 

Aktam  HAITOV,
Oliy  Majlis  Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?