Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar belgilab olindi

10:21 13 Noyabr 2021 Jamiyat
1062 0

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda senatorlar, qator vazirlik va idoralar vakillari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Oliy Majlis palatalarining joriy yil 6-noyabr kuni boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan keyingi besh yildagi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda Qoʻmita oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

Majlis ishtirokchilari Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi fuqarolar va ekspertlar bilan keng muhokama qilingani hamda u fuqarolar farovonligini yanada mustahkamlashga qaratilgan chuqur oʻylangan konseptual hujjat ekanini alohida taʼkidladilar.

Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari boʻlgan senatorlar va deputatlar muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan senatorlar oʻzaro fikr almashdilar, shuningdek, yetuk mahalliy ekspertlar, qator tegishli vazirliklar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining Senat Qoʻmitasining yangi yoʻnalishlari, ish mexanizmlari toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqdilar.

Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, Afgʻonistonning yangi davlat institutlari bilan aloqalar oʻrnatish imkoniyatini nazarda tutish, ushbu mamlakat bilan transchegaraviy va mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish taklif etildi.

Bundan tashqari, Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan erishilgan kelishuv va tuzilgan bitimlar ustidan birgalikda parlament nazoratini oʻrnatish, aloqalarni diversifikatsiya qilish, iqtisodiy va xalq diplomatiyasini ilgari surishda tajriba almashish orqali hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʻnalishlarini shakllantirish va targʻib qilish taklif etildi.

Mamlakat milliy manfaatlarini ilgari surish maqsadida xalqaro parlamentlararo tashkilotlarda faol siyosat olib borish zarurligi taʼkidlandi.

Majlis doirasida xorijiy investorlar va eksport qiluvchi korxonalar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Misol uchun, ularning murojaatlari va shikoyatlari bilan ishlashni takomillashtirish, ularning muammolarini hal etishda koʻmaklashish, shu jumladan, Senat va mahalliy deputatlik Kengashlari oʻrtasida yaqinroq hamkorlik olib borish orqali koʻmaklashishda yaxlit tizim yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, investitsiya dasturlari va loyihalarini amalga oshirish holati, eksportni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini xalq deputatlari Kengashlari bilan hamkorlikda oʻrganishni izchillik bilan tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Majlis yakunlari boʻyicha yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер