Taraqqiyot strategiyasida ekologik masalalar alohida oʻrin oladi

13:48 07 Noyabr 2021 Jamiyat
920 0

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi va unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari taqdim etildi. Aytish joizki, bu voqeani Oʻzbekistonning ertangi kuniga befarq boʻlmagan har bir hamyurtimiz katta qiziqish bilan kuzatgani shubhasiz.

Avvalo, qayd etish joizki, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan saylov qonunchiligimiz xalqaro talablar asosida takomillashtirilgan, butun saylov jarayoni yangi huquqiy asos – Saylov kodeksi asosida oʻtdi. Prezidentlik saylovining barcha bosqichlari ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, hamma nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan bir muhitda oʻtdi.

Hozirgi kunda 500 mingga yaqin aʼzolari boʻlgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi mazkur katta siyosiy jarayonda ilk bor ishtirok etdi va oʻzining Saylovoldi dasturini taqdim etdi. Saylov kampaniyasi davomida targʻibot-tashviqot ishlari uchun barcha nomzodlarga demokratik va tenglik tamoyillari asosida bir xil sharoit yaratib berildi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishar ekan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bir fikrni alohida taʼkidlab oʻtdi: “Barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, siyosiy partiyalar bilan faol hamkorlik qilamiz. Ularning saylovoldi dasturlaridagi muhim amaliy gʻoya va takliflar kelgusi faoliyatimizda eʼtiborimizdan chetda qolmaydi”.

Mana shu ishonchning oʻziyoq Oʻzbekiston Ekologik partiyasi saylov kampaniyasi jarayonida ilgari surgan gʻoya va takliflarini amalga oshirishi uchun katta imkoniyatdir. Bu saylov jarayonida saylovchilar tomonidan bildirilgan takliflarni amalga oshirishimizga keng yoʻl ekanini qayd etish joiz. Zotan, mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit masalalari hamisha dolzarb, ona tabiatimizni asrab-avaylash barchamiz uchun hayot-mamot masalasidir.

Prezidentimizning “butun kuch va salohiyatimizni yagona ulugʻ maqsadimiz – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratamiz”, degan chaqirigʻi yuz minglab aʼzosi boʻlgan Ekologik partiya aʼzolarining ham qalbida aks-sado berdi, dasturiy maqsadlarimizga hamohang boʻldi deb aytsak mubolagʻa emas. Zotan, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyilgani yuqorida taʼkidlaganimizdek, oʻzgarayotgan dunyo bilan hamqadam boʻlishning yaqqol ifodasidir.

Endilikda hayotga tatbiq etiladigan Taraqqiyot strategiyasida ekologik masalalarning alohida oʻrin olgani ekopartiyaning dasturiy maqsadlariga toʻla hamohangdir. Mamlakatimiz rahbari oʻz nutqida ekologik tahdidlarning salbiy taʼsiri ortib borayotganini alohida qayd etdi. Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya xartiyasi ishlab chiqilishi ham biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi va bu ishlarda birgalikda bor kuch va salohiyatimizni ishga solamiz.

“Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy taʼsiri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir boʻlgan qum boʻronlari ham yana bir bor tasdiqladi. Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Shu borada biz Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim”, deya qayd etdi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, BMT Bosh Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi ham mintaqa davlatlari, ayniqsa Oʻzbekiston uchun ekologik masalalar bundan keyin ham doimiy kun tartibida ekanidan darak beradi.

Prezidentimiz yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy taʼsiri ortib borayotganini taʼkidlar ekan, mamlakatimizning turli hududlarida kuni kecha sodir boʻlgan qum boʻronlari ham buni yana bir bor tasdiqlaganini qayd etdi. Albatta bu kabi hodisalar tabiatga bugungi munosabatimizni oʻzgartirishni, ekologik masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etadi.

Shu dois ham mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish tashabbusi juda dolzarb ahamiyatga ega. Shu maqsadda yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” koʻkalamzorlashtirish 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.

Eʼtirof etishimiz kerak, mana shu tashabbus xalqimizning ayni qalbidagi gap boʻldi, har bir yurtdoshimiz bu ezgu ishga bajonidil hissa qoʻshishga kirishdi. Joylarda mazkur xayrli tashabbus keng quloch yozib, yuzlab daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Oʻzbekiston Ekologik partiyasining barcha xodimlari, deputatlari va faollari ham amalga oshirilayotgan daraxt koʻchatlari oʻtqazish ishlarida ishtirok etmoqda. Hududlar iqlim sharoitiga, tuprogʻiga mos daraxt koʻchatlarini tanlash, ekilayotgan koʻchatlar baravj oʻsib-unishi uchun yetarli sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu saʼy-harakatlarning barchasi koʻp oʻtmay oʻz samarasini berishi shubhasiz, yurtimizda yashil makon, yashil maskanlar sezilarli koʻpayadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasidan koʻzlanganidek, shaharlarimizdagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirishga erishiladi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi anomal iqlim hodisalarining nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyat uchun ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlari haqida doim ogohlantirib keladi. Shuning uchun ham Ekopartiya mamlakatimizning har bir fuqarosini ekologik muammolarga befarq boʻlmaslikka va ekologiya uchun kurashlarda faol boʻlishga chaqiradi.

Narzullo OBLOMURODOV,

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy kengashi Ijroiya

qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?