Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq Raisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

05:19 25 Mart 2024 Siyosat
409 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) Raisi Tuliya Ekson bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va Parlamentlararo ittifoq oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash masalalari, shuningdek, hamkorlikda oʻtkaziladigan tadbirlarning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Oʻtgan qisqa muddat ichida Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning ajralmas qismiga aylangani, hamkorlikda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bunga yorqin misol boʻla olishi alohida taʼkidlandi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan kelasi yili Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor parlament yoʻnalishidagi bunday keng koʻlamli tadbirning oʻtkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistonning jahon siyosati markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilayotganini tasdiqlaydi.

Uchrashuvda mamlakatimizda 150-Assambleyani hamda uning tegishli majlislarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

— Oʻzbekiston ushbu Assambleyaga mezbonlik qilayotganidan xursandmiz, chunki aynan sizning mamlakatingiz bunday sharafga munosibdir. Men Toshkentdagi yubiley Assambleyani PI va butun jahon parlamentarizmi tarixidagi unutilmas voqeaga aylantirish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman — deya, taʼkidladi T.Ekson.

Shuningdek, 2025-yilda Toshkentda oʻtkaziladigan tadbir yakunlariga koʻra Tashkilot butun jahon parlament harakatining oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradigan tegishli hujjatni qabul qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер