Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Jeneva shahridagi boʻlinmasi bosh direktori Tatyana Valovayani qabul qildi

17:02 05 Dekabr 2022 Siyosat
525 0

Bugun, 5-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Jeneva shahridagi boʻlinmasi bosh direktori Tatyana Valovayani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻrtasidagi koʻp qirrali faol va samarali hamkorlikka oid muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlari, mamlakat Prezidenti tomonidan xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu, oʻz navbatida, ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.

Senat Raisi T.Narbayeva keyingi yillarda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini, Oʻzbekiston BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa yirik xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, oʻz majburiyatlarini soʻzsiz bajarib kelayotganligini taʼkidlab oʻtdi. BMT institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar doirasidagi asosiy ustuvor yoʻnalishlar, oʻz navbatida, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga toʻla mos kelishi alohida qayd etildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida samarali hamkorlikning turli yoʻnalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzilgani, ularning bajarilishi boʻyicha hukumatning faoliyati yuzasidan muntazam nazorat olib borilishi taʼkidlab oʻtildi.

Oʻz navbatida, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Tatyana Valovaya Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlarni qayd etib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qonunchilikni doimiy takomillashtirish orqali amalga oshirish muhimligini, bunda parlament asosiy hal qiluvchi omil ekanini taʼkidladi.

Muloqot davomida inson huquq va erkinliklarini, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning teng huquqliligi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari eʼtibor markazida boʻldi.

Uchrashuv yakunida tomonlar tizimli muloqotni davom ettirish hamda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер