Tanzaniyada marhum prezident bilan vidolashish marosimiga kelgan 45 kishi halok boʻlgan

15:48 31 Mart 2021 Dunyo
648 0

Foto: thecitizen.co.tz

Tanzaniyada marhum prezident Jon Magufuli bilan vidolashish marosimiga kelgan 45 kishi halok boʻldi. 

Bu haqda "The Citizen" nashri mahalliy huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar bermoqda. Marosim 21-mart kuni Darus-salom shahridagi stadionda boʻlib oʻtgan. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, unda 45 kishi halok boʻlgan, yana 37 kishi jarohat olgan.

“Ular stadionga marhum davlat rahbariga boʻlgan muhabbatlarini namoyish etish uchun shoshilishdi. Odam juda koʻp edi, baʼzilar sabrsizlik qilib norasmiy kirish punktlaridan ichkariga kirishga intildilar va muammo shu tarzda paydo boʻldi”, deydi Darus-salom maxsus politsiyasi boʻlimi qoʻmondoni Lazaro Mambosasa.

Manbaga koʻra, odamlar yuzaga kelgan tiqilinch tufayli hayotdan koʻz yumgan.  

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli shu yilning 17-mart kuni 61 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqidagi xabardan bir hafta oldin Magufuli koronavirus infeksiyasi yuqtirgani va qoʻshni Keniya davlatida kasalxonaga yotqizilgani haqida maʼlum boʻlgan edi.

Jon Magufuli mamlakatda virusga qarshi choralar va karantinni joriy qilmagan edi. U koronavirus bilan kasallanganlarni ibodat qilishga chaqirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?