Taniqli iqtisodchilar tomonidan amaliy iqtisodiyot boʻyicha ochiq virtual seminarlar boʻlib oʻtmoqda

09:43 09 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
305 0

Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti tashabbusiga koʻra Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqotlari instituti IFPRI (Vashington, AQSH) va Vestminster rivojlanish strategiyasi tarmogʻi WDPN (Vestminster universiteti, London, Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda 7-oktyabrda boshlangan va 2020-yil noyabr oyining oxirigacha davom etadigan amaliy iqtisodiyot boʻyicha bir qator ochiq seminarlar tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qildi. Bu yil fanning turli sohalarida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Universitetlar, xususan, fan sohasini rivojlantirish boʻyicha ishlarni yangi, zamonaviy darajaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi va shu bilan raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllanishiga hissa qoʻshadi.

Pandemiya sharoitida akademik muloqotning anʼanaviy usullari izdan chiqdi. Yuzma-yuz konferensiyalar, seminarlar va amaliy mashgʻulotlar bekor qilindi, natijada tadqiqotlarni oʻtkazish va ilmiy almashinuvni tashkil etishning yangi usullaridan foydalana boshlandi. Shu maʼnoda, ochiq virtual seminarlar xavfsiz masofada xalqaro mutaxassislar bilan oʻzaro bilim va tajriba almashish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

TXVU tomonidan xalqaro hamkorlar — AQSHning Vashington, Kolumbiya okrugida joylashgan Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqotlari instituti (IFPRI) va oʻtish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish instituti (IAMO, Germaniya) bilan birgalikda 25-maydan 26-avgustgacha Markaziy Osiyo amaliy iqtisodiyotiga bagʻishlangan ochiq virtual seminarlarning birinchi turkumi tashkil etildi. Ushbu seminarlar davomida Dyuk va Vanderbilt universitetlari (AQSH), Adelaida universiteti (Avstraliya), Gissen universiteti (Germaniya), Xitoy qishloq xoʻjaligi universiteti, IFPRI va IAMOning yetakchi professor-tadqiqotchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarining professor-tadqiqotchilari va talabalarga oʻzlarining tadqiqot natijalarini taqdim etishdi.

— Bizning Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorligimiz 2014-yilda Markaziy Osiyoda yosh tadqiqotchilar uchun birinchi yozgi amaliy ekonometrik tahlil maktabini tashkil etganimizda boshlangan, — deydi IFPRI Markaziy Osiyo dasturining katta ilmiy xodimi va rahbari Komiljon Akromov. — Oʻshandan beri biz ushbu oʻquv kursini har yili oʻtkazib kelmoqdamiz. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi anʼanaviy faoliyatimiz toʻxtashiga sabab boʻldi. Hamkorlarimiz bilan birgalikda biz koʻproq jahon darajasidagi olimlarni taklif qilish, kam xarajatli va xavfsizroq usulda koʻproq yosh tadqiqotchilarni qamrab olishga imkon beradigan virtual seminarlar turkumiga oʻtishga qaror qildik.

Iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha virtual tadqiqot seminarlari TXVU salohiyatini yana-da mustahkamlashga va dunyoga taniqli olimlarni oʻz bilimlari va tajribalarini Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi keng auditoriya bilan oʻrtoqlashish uchun jalb qilish orqali mamlakatda amaliy iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihadir.

Noyabr oyi oxirigacha davom etadigan strategik tadqiqotlar boʻyicha ochiq onlayn seminarlarning ikkinchi turkumi barcha qiziquvchi tadqiqotchilar va talabalar, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish strategiyasiga qiziqqan shaxslar uchun moʻljallangan.

Maʼruzachilar roʻyxatidan Kolumbiya universiteti professori Jeffri Saks (xalqaro darajada taniqli iqtisodiyot professori, New York Timesda nashr etilgan benazir maqolalar muallifi va barqaror rivojlanish sohasida dunyoda yetakchi), “Sciences Po”dan professor Sergey Guriyev (Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq bosh iqtisodchisi, yangi iqtisodiyot maktabining sobiq rektori), IFPRI boshqaruvi boʻyicha katta ilmiy xodim va yetakchi mutaxassis, doktor Daniela Reznik, IFPRI katta ilmiy xodimi, Pekin universiteti iqtisodiyot kafedrasi professori va China Economic Review bosh muharriri profyessor Syaobo Chjan, katta ilmiy xodim va IFPRIda Efiopiya dasturining rahbari (Efiopiya iqtisodiy uyushmasining sobiq prezidenti), doktor Alemayexu Seyyum Taffess,  Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti tashkilotlar, iqtisodiyot va jamiyat fakulteti boshligʻining yordamchisi, profyessor Karen Jekson, Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti iqtisodiyot va xalqaro rivojlanish oʻqituvchisi, doktor Serena Masino, Buyuk Britaniya Kardiff universitetining iqtisodiyot oʻqituvchisi, doktor Anna Kochanova kabi taniqli olimlar joy olgan. 

— Oʻzbekiston va AQSHdagi hamkorlarimiz bilan rivojlanish tadqiqotlari siyosatini muhokama qilish uchun global platformani ishlab chiqishda hamkorlik qilganimizdan mamnunman, — deydi Karen Jekson. — 800 dan ortiq obunachilarga ega boʻlgan holda, hamkorlikdagi shu kabi tashabbuslarning koʻlami sezilarli darajada oshganini koʻrmoqdamiz.

— Markaziy Osiyo — ajoyib mintaqa, ammo u hozirgacha yetarli darajada oʻrganilmagan va tadqiq etilmagan, — dedi TXVU rektori Baxrom Mirkasimov. — Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti va uning strategik hamkorlari ilgari dunyoga maʼrifat olib kelgan, ilm-fan va madaniyatni shakllantirgan mintaqaning ichki istiqbollarini namoyish etish uchun global platformani ishlab chiqmoqdalar. Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino (Avitsenna), Alisher Navoiy va Ulugʻbek kabi benazir olimlar matematikadan iqtisod va tibbiyotgacha boʻlgan turli sohalarda yutuqlarga erishishgan. Virtual seminarlarimizning maqsadi – barcha yangi va qiziquvchi olimlar oʻrtasida ham Markaziy Osiyoda, ham butun dunyoda muhim boʻlgan strategik masalalar boʻyicha suhbatni yana-da rivojlantirishdir.

Seminarlarga bepul roʻyxatdan oʻtish uchun http://conference.wiut.uz havolasi orqali kiring.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?