Taniqli hunarmand 1300-yildan ziyod tarixga ega mato namunasini yaratdi

Foto: Xalq so‘zi
Muhammad Narshaxiyning 943-944-yillarda yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida Zandana qishlogʻi haqida shunday deb yozadi: «Bu qishloqda ( toʻqib) chiqariladigan narsa – boʻzni «zandaniychi», yaʼni «Zandani qishlogʻidan chiqadigan» deb ataydilar...Shu xil boʻzdan Iroq, Fors, Kermon, Hindiston va boshqalar kabi hamma viloyatlarga olib boradilar. Barcha ulugʻlar va podshohlar undan kiyim qiladilar va ipakli kiyim bahosida sotib oladilar».
— Ulugʻ ajdodimiz yozib qoldirgan shu soʻzlar, qolaversa, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan «zandaniycha mato» iborasi meni qiziqtirib qoʻydi, — deydi Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi hunarmand, “Tashabbus”-2017 respublika koʻrik-tanlovi gʻolibi Аhmad Arabov. — Shu mato daragini soʻrab – surishtirishga kirishdim.Uning loaqal bir parchasiga ega boʻlish niyati tinchlik bermadi. AQSHda oʻtkazilgan auksionlardan birida «zandaniychi» matoning fragmenti sotuvga chiqarilgan ekan. Ammo ulgura olmadik. Sotilibdi.
Yaxshi niyat – yarim davlat, deganlaricha bor. Nihoyat, Аhmad aka maqsadiga yetdi. Qadimiy matoning bir parchasi topildi. Uning 900-yillik tarixga egaligi aytilmoqda. Matoni obdon oʻrganib chiqqan hunarmand shu fragment asosida «zandaniycha»ning dastlabki namunasini yaratdi.
Zandaniychi matosining tarixi haqida uzoq soʻz yuritish mumkin. Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, VI-VIII asrlarda ishlab chiqarilgan bu mato namunalari hozir Yevropaning bir qator muzeylarida saqlanmoqda. Bu matoning qadru qimmati naqadar yuksak boʻlganini Muhammad Narshaxiy keltirgan yana bir dalil tasdiqlaydi. Buyuk yurtdoshimizning yozishicha, arab xalifasi maʼmurlari soliqlarni pul bilan emas, zandaniychi matosi bilan olishgan. Pishiq-puxta toʻqilgani, oʻziga xos manzaralari, ranglarining jilosi, harirligi zodagonlarni oʻziga ohanrabodek tortgan.
— Biz aslida kashtadoʻzlik bilan shugʻullanamiz, — deydi Аhmad Arabov. — Yuz nafardan ziyod kashtachimiz bor. Ular asosan kasanachilik asosida ishlab, buyurtmamizni bajarishadi. Tabiiy boʻyoqlarni ham oʻzimiz tayyorlaymiz. Zandaniychi matoni qayta tiklashga kelsak, bir narsani tan olaman: rohatlanib ishlayapmiz. Kelgusida bu matoni dastgohlar vositasida toʻqishni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring