Tanganing orqa tomonini ham esdan chiqarmaylik

12:00 23 Noyabr 2020 Jamiyat
381 0

Inson salomatligiga barcha zamonlarda ham eng muhim vazifa sifatida qaralib kelingan. Chunki odamlar sogʻlom boʻlsa, jamiyat sogʻlom boʻladi. Sogʻlom jamiyatdagina rivojlanish, oʻsish boʻladi. Albatta, sogʻlom boʻlish avvalo insonning oʻziga bogʻliq.

Mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, aholi salomatligining atigi 10 foizi tibbiyot xodimlariga bogʻliq boʻlsa, qolgan 90 foiziga profilaktika orqali erishilar ekan. Shu maʼnoda, inson jismonan sogʻlom, ruhan tetik boʻlishi uchun eng avvalo qarashlarini oʻzgartirishi lozim. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bejiz inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi gʻoyasini ilgari surayotgani yoʻq. Xususan, sogʻligimiz haqida avvalo oʻzimiz qaygʻurishimiz lozim. Yaʼni, tibbiy madaniyatimizni oshirmas ekanmiz, davlatning ham, shifokorlarning ham bu boradagi saʼy-harakatlari besamar boʻlaveradi. Hakimlarimiz taʼkidlaganlaridek, bugun sogʻligimiz haqida qaygʻurmasak, ertaga kasalligimiz haqida qaygʻuramiz.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 6-noyabr kuni oʻtkazilgan sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga bagʻishlangan videoselektorda bugungacha tibbiyot tizimida mavjud boʻlgan muammolarning kelib chiqishida oilaviy poliklinikalardagi xizmat koʻrsatishning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani asosiy sabab sifatida koʻrsatildi. Natijada aholi toʻgʻridan-toʻgʻri markaziy poliklinika yoki shifokorlarga murojaat qilmoqda va tor doiradagi tibbiyot xodimlarining asosiy vaqti maslahat berish bilan oʻtayotgani tizimidagi xiyonat deya baholandi.

Hududlardagi poliklinikalarda mutaxassislar deyarli yetishmaydi. Barcha uchun bir nafar shifokor va hamshira xizmat koʻrsatadi. Hatto mutaxassisligi toʻgʻri kelmasa-da, ayollar, erkaklar, eng qizigʻi bolalar uchun ham bir shifokor maslahat beradi. Albatta, bu aholining noroziligi, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatining pasayishiga olib keladigan jiddiy muammodir. Yana bir jihat, markaziy poliklinikalarda ham haligacha odamlar turnaqator navbatda turadilar. Xususiylardagi kabi elektron navbat joriy qilinmas ekan, navbat kutish bilan bogʻliq muammo muammoligicha qolaveradi.

Bugungi kungacha mavjud muammolarning barchasiga tibbiyot tizimining quyi boʻgʻinida aniq vakolat va majburiyatlarning belgilanmagani, faoliyati nazoratga olinmagani sabab boʻlmoqda. Natijada birlamchi boʻgʻin tomonidan oldini olish mumkin boʻlgan ayrim kasalliklar tobora xuruj olmoqda.

Statistik maʼlumotlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, respublika boʻyicha bir yilda 23 ming bemor gipertoniya, 7 ming nafari infarkt, 5 ming kishi qandli diabet va 3,6 ming shaxs insultdan vafot etgan. Bu esa birlamchi tibbiy xizmat, yaʼni kasallikning oldini olish, uni erta aniqlash va oʻz vaqtida davolash choralari koʻrilmaganidan dalolat beradi.

Afsuski, aksariyat hududlarda tibbiyotning quyi boʻgʻini emlash vaqtida yoki tibbiy maʼlumotnoma kerak boʻlgandagina borligi bilinyapti, xolos. Biriktirilgan hududdagi aholining umumiy holati, kasalliklar turlari va soni boʻyicha hech qanday maʼlumot yuritilmaydi. Eng yomoni, davlatga tegishli tibbiyot muassasalarida bepul xizmat koʻrsatish qatʼiy belgilangan boʻlishiga qaramay, ochiqchasiga pullik xizmat koʻrsatishga oʻtib olingan. Mana aholining noroziligini keltirib chiqaradigan, muammolar avj olishiga sabab boʻladigan, kasalliklar koʻpayishiga imkon beradigan omillar.

Albatta, tanganing faqatgina bir tomoniga ishlov berish bilan uning jilosini uzoq vaqt saqlab boʻlmaydi. Shu jihatdan qaraganda, aholining tibbiy madaniyati haqida gapirishdan oldin, tibbiy xizmat koʻrsatish madaniyatini ham shakllantirish, oshirish lozim boʻladi.

Nazir SOBIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 
fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?