Tandir ham noyob sanʼat asari kabi yaratiladi — buvaydalik usta Sayfiddin ota Toshmatov

Mehmonni tandirdan yangi uzilgan issiqqina non, qaynoq koʻk choy, shirinlik va meva bilan siylash milliy qadriyat sanaladi. Shu bois xalqimizda toʻy boʻlsa, oʻchoq boshi suyunarmish, degan ibora bor. Chunki bunday quvonchli kunlarda fayzli xonadon yoʻqlab keluvchi aziz mehmonlar tashrifidan qut-baraka oshyoniga aylanadi.
Fargʻona vodiysida toʻylar oldidan xonadon tandirini yangilash, shodiyona kunlarda yangi kelinchaklar tomonidan shirin kulchalar yopib, mahalla ahliga tarqatish yaxshi anʼana sifatida eʼzozlanadi. Shundan boʻlsa kerak, vodiyda tandir yasovchi hunarmandlar mehnatiga hamisha hurmat va ehtirom koʻrsatiladi.
Ayni paytda Qoʻqon hududi tumanlarida hunarmandlar sulolalari ota-bobolar eskirtirgan ushbu yumushni oʻzgacha mehr bilan davom ettirib kelishmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida joylashgan Gul qishlogʻida tandirchilar sulolalari koʻpchilikni tashkil etadi.
Sayfuddin Toshmatov tandirchilar sulolasining oltinchi avlodi. Farzandlari, nabiralari bilan birga mohir usta kuniga 10 ga yaqin tandir tayyorlaydi.
— Tandir ham ustasining qoʻlida xuddi noyob sanʼat asari kabi tayyorlanadi, — deydi otaxon. — Shu sababli tandirning tuprogʻidan tortib, ishlatiladigan barcha qoʻshimcha xomashyolargacha eʼtiborli boʻlish zarur. Hududimiz tuprogʻi tandir uchun mos emasligi uchun tuproqni kulollar yurti – Rishton tumanidan olib kelamiz. Unga qoʻy juni, poxolni maydalab solib, aralashtirib loy qoramiz. Loy uch-toʻrt kun yetilib pishishi kerak.
Tandir yasayotganda ob-havo ham muhim. Boisi qattiq sovuq yoki juda issiqda ham tandir yaxshi chiqmaydi.
Tandirchilar oilasi butun mamlakat boʻylab oʻz mahsulotlarini yetkazib beradi. Misol uchun, buyurtma asosida Buxoro viloyatiga bir oyda oʻrtacha 60-70 ta tandir joʻnatishadi. Novvoylar ishlatadigan tandir uchun esa alohida buyurtma olinadi. Bunday tandir tayyorlashga 300-400 kilogramm atrofida loy ishlatiladi.
Tandirchi ustalarning aytishicha, eng yaxshi tandir bugʻdoy oʻrimi paytida yasaladi. Chunki bu paytda kunlar meʼyorida isib, loy yaxshi quriydi. Bunday paytda tayyor boʻlgan tandirni chertsangiz “jaranglab” ovoz chiqaradi. xaridorlar esa uning jaranglagan ovoziga qarab tanlashadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Osiyo o‘yinlarining birinchi kunini O‘zbekiston 4ta medal bilan boshladi. Fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring