Tamaki taʼsiri oʻsmirlar organizmida qaytarib boʻlmas asoratlar qoldiradi

20:23 03 Mart 2024 Jamiyat
153 0

Tamakining inson salomatligiga zarari xususida koʻp gapiriladi. U toʻla-toʻkis shakllangan organizmga shunchalik salbiy taʼsir etadiki, hali rivojlanayotgan oʻsmirlar tanasi ushbu zararli odat sababli undanda koʻp aziyat chekadi.

— Tamaki tutunida 7000 dan ortiq kimyoviy moddalar boʻlib, ularning aksariyati sogʻliq uchun xavfli, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — Tamaki va uning tutuni har qanday koʻrinishda insonning barcha organlariga zararli taʼsir koʻrsatadi.

Uning organizmga xavfi tarkibidagi kuchli narkotik taʼsirga ega boʻlgan va oʻziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bogʻliq.

Ayniqsa, oʻsmirlarda nikotinga jismoniy va ruhiy qaramlik jadal rivojlanadi.

Uning oz miqdori ham boʻshashish va yaxshi kayfiyat hissini tugʻdiradi, koʻp miqdori esa yurak va markaziy asab tizimiga tez taʼsir qiluvchi zahar hisoblanadi.

Tamaki mahsulotlari taʼmni shirin qiluvchi, xushboʻy hid taratuvchi konservantlar va boshqa qoʻshimchalar qoʻshilgan holda tayyorlanadi va bu mahsulotning jozibadorligini oshiradi.

Oʻsmirlik — miya rivojlanishida kritik davr boʻlib, bu paytda nikotin oʻquvchilarning, avvalo, miyasiga zararli taʼsir koʻrsatadi.

Natijada xotira va bilim olish qobiliyatining pasayishiga, kuchli qaramlik va tahlikali nevrozlarga olib keladi.

Tamaki chekuvchi oʻquvchilarda nafas yoʻllari va quloq infeksiyalari yuqish ehtimoli ortadi, ularda yoʻtal, bronxit, pnevmoniya, astma va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi.

Bundan tashqari, tamaki chekish milk, suyak toʻqimasi, tish bogʻlamalarining buzilishiga, tishlarning barvaqt toʻkilishi kabi saratonoldi holatlarga olib keladi. Keyinchalik esa chekuvchilarda ogʻiz boʻshligʻi, til, lab, milk, hiqildoq, qiziloʻngach, oshqozon va oshqozonosti bezi saratoni rivojlanish ehtimoli keskin oshadi.

Bunday holat yurtimizda tamaki chekishga qarshi olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish va keskin choralar koʻrishni taqozo etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер