Taʼlimda tanqidiy fikrlash kerakmi?

18:14 24 Noyabr 2020 Jamiyat
321 0

Maktabda oʻqitish metodikasi oʻzgarmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham oʻzgarmaydi.

Sh. Mirziyoyev

Odamlarning turmush tarzini yaxshilashning yagona yoʻli ilmu fanning eng soʻnggi yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilishdir. Shundagina mehnat unumdorligining, yaʼni kishi boshiga ishlab chiqariladigan mahsulotlarning hajmi ortadi. Bu esa daromadlarning ortishiga olib keladi. Davlat byudjetiga qoʻshimcha mablagʻlar tushib ijtimoiy sohaga - taʼlimga, ilmu fanning rivojlanishiga koʻproq mablagʻ ajratishga imkon tugʻiladi. Barcha rivojlangan mamlakatlar aynan shu yoʻsinda ish tutishgan. Buyuk bobomiz Imom al-Buxoriy iboralari bilan aytganda: Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay.

Fan va texnikaning jadal taraqqiyoti ishlab chiqarishning yangi yoʻnalishlarini va bu yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatuvchi malakali mutaxassislarni tayyorlashni ham taqozo qiladi. Ularni tayyorlash va qayta tayyorlash ulkan mablagʻlar sarflanishiga olib keladi. Ushbu vaziyatda, sarflanadigan mablagʻlarni kamaytirish, umuman olganda esa yangi sohalar ehtiyojlarini qondira oladigan mutaxassislarni tayyorlashning boshqa yoʻli bormi? - degan savol tugʻiladi.

Bor, agar mutaxassisning oʻzi yangi texnologiyalarni yaratsa, bu muammoning eng maqbul yechimi boʻlardi. Buning uchun ular qanday bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlari kerak?

Ulkan maʼlumotlar oqimidan eng dolzarblarini ajrata bilish va unga aloqador bilimlarni egallash;

Egallagan bilimlariga tayanib eng muhim muammolarni ajrata bilish;

Mavjud bilimlarini yangi vaziyatga qoʻllay olish;

Muammolarning yechimlarini topib-ularni ishlab chiqarishga tatbiq eta olishlari kerak.

Bunday talablarga javob beradiganlarga “ijodiy fikrlovchi” mutaxassislar deyiladi.

Ijodiy fikrlovchi mutaxassislar nafaqat ishlab chiqarish texnologiyalarining doimiy ravishda yangilanib turishiga tayyor turmasdan, balki vujudga keladigan muammolarni aniqlab ularni yechishdan ruhiy qoniqish ham oladilar.

Inson faoliyatining barcha sohalarida, -xoh u ishlab chiqarish boʻlsin, xoh madaniyat va sanʼat, xoh ilmiy yoki pedagogik faoliyat boʻlsin “ijodiy faoliyat” yuqori baholanadi va ragʻbatlantiriladi. Chunki u har qanday faoliyat samaradorligining ortishiga olib keladi. Shuning uchun ham “ijodiy faoliyat” bilan shugʻullanuvchi, yaʼni “ijodiy fikrlash” koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar doimo yuqori baholanib kelingan. Hozirgi paytda esa ularning “bahosi” yana-da ortmoqda. “Ijodiy fikrlash”ni oʻrgatish esa taʼlim jarayonida amalga oshiriladi.

“Ijodiy fikrlash” koʻnikmalarini rivojlantirish uchun taʼlim jarayonini tashkil etish prinsiplariga ham oʻzgartirishlar kiritish kerak. Endi taʼlim beruvchi na faqat maʼlumotlar berish bilan shugʻullanib qolmasdan oʻquvchilarga “ijodiy fikrlash” usullarini oʻrgata olishi, oʻzi ham “ijodiy fikrlash” koʻnikmalariga, taʼlim oluvchi esa “ijodiy fikrlash” usullarini oʻrganishga tayyor, tegishli motivatsiyaga ega boʻlishlari lozim. Bularning hammasi taʼlimga yangi didaktik tizim - “ijodiy fikrlashni shakllantirish pedagogik texnologiyalari”, yaʼni taʼlimning yangi uslublarini joriy qilishini taqozo etadi. Oʻquv rejalari yangi bilimlarni hisobga oladigan, taʼlim sistemasi esa oʻzgarib turadigan ehtiyojlarga moslashadigan boʻlishi kerak. Bu tizimning asosini oʻquvchilarga oʻqish, yozish, suzish, velosipedda uchishni oʻrgatishda foydalaniladigan usullar kabi, “ijodiy fikrlash”ni oʻrgatish usullari tashkil qiladi. Ularni bolalarda “ijodiy fikrlash”ni shakllantirish mumkin boʻlgan besh yoshdan boshlab to umrining oxirigacha qoʻllash mumkin.

Shunday qilib “ijodiy fikrlashni shakllantirish pedagogik texnologiyalari” didaktik tizimining asosiy elementlari jumladan: taʼlim beruvchi, taʼlim oluvchi, taʼlim maqsadi va mazmuni, kutilayotgan natijalar haqida maʼlum tasavvurlarga ega boʻldik. Lekin taʼlim tizimining eng asosiy elementi “taʼlim metodlariga” toʻxtalmadik. Hozirgi taʼlim tizimining eng katta kamchiligi ham aynan shu sohadagi oqsoqlikdir. Qilinadigan harakatlar boshqa mamlakatlardagi taʼlim elementlarini koʻr-koʻrona koʻchirish, oʻquvchilardagi psixofiziologik holatlarni eʼtiborga olmaslik oqibatida kutilmagan natijalar bermoqda. Yoshlarning bunday ters xarakterga egaliklari, hattoki oliy maʼlumotli, baʼzida esa ilmiy darajali mutaxassislarning “ijodiy faoliyatga” layoqatsizliklarining sababi nimada? Nega ular doimo turli tuman vajlar topishga, kamchiliklar izlashga moyil? Va nihoyat nega biz bir-birimizga tabassum bilan qarash oʻrniga yov qarash bilan razm solishni, yaxshi xususiyatlarni koʻrish oʻrniga kamchiliklarni topishni afzal koʻramiz? Bularning hammasi zamirida taʼlim tizimi va notoʻgʻri tanlangan taʼlim uslublari yotadi. Chunki ular shunday oʻqitilgan. Natijada qozonda nima boʻlsa choʻmichda ham shu chiqadi. Jamiyatni oʻzgartirishni aynan shu taʼlim uslublarini oʻzgartirishdan boshlamoq kerak.

Quyida bu haqda fikr yuritamiz.

Dastlab fikrlashning oʻzi nimaligini tahlil qilaylik.

Fikr inson tomonidan tugʻdiriladi va uning kuchi gʻoyat katta. Fikr-energiyaning universal shakli. U yaratuvchi ham vayron qiluvchi ham boʻlishi mumkin. Fikr moddiy olamda moddiylashadi, yaʼni yuzaga chiqadi.

“Fikrlash” biror muammo haqida muayyan bir xulosaga kelish maqsadida mulohaza yuritmoq yoki oʻylamoqdan iborat boʻlgan psixologik jarayondir.

Eramizdan 400-300-yil oldin yashashgan fikrlash asoschilari Suqrot, Pluton va Aristotellardan quyidagi – analiz, mulohaza yuritish va tanqiddan iborat analitik fikrlash sistemasi qolgan.

Analitik fikrlashni oʻrganishning eng maqbul usullari-matematik, fizik masalalar, krossvordlar, rebuslarni yechish, baʼzi kompyuter oʻyinlari bilan shugʻullanish, badiiy adabiyotlar oʻqish, detektiv adabiyotlarni oʻqiganda va detektiv filmlarini koʻrganda oʻzini izquvar oʻrniga qoʻyib mulohazalar yuritish va hokazolardir.

Shuningdek, Suqroti hakimdan tanqidiy fikrlash ham meros qolgan. U oʻz mulohazalarida nima notoʻgʻriligini koʻrsatishga uringan. “Agar shoʻrvaning koʻpigi olib tashlansa u toza boʻladi” qabilida ish tutgan. Boshqacha aytganda barcha notoʻgʻrilar olib tashlansa toʻgʻri, yaʼni haqiqat qoladi deb hisoblagan. Lekin koʻpik bilan birga yana allaqancha “mahsulotlar” tashlanayotganligiga eʼtibor bermagan. Suqrot yangi gʻoyani taklif qilishdan koʻra nima “yomonligini” koʻrsatishni muhim deb bilgan.

Tanqid (kritika (lot)-hukm qilish mahorati) – inson faoliyatining biror sohasiga aloqador hodisani baholash, analiz qilish. U xatolarni topish va muhokama qilishdan iboratdir. Tanqid-nimaningdir yoki kimningdir kamchiliklarni baholash, nima yoki kimdir haqida salbiy fikr yuritishdir. Oʻzgalarni tanqid qilish qaralayotgan muammoga ularning munosabatini oʻziniki bilan mos kelishini istashdir. Bu esa odatda manmanlikka olib keladi. Boshqalar ham shu ruhda tarbiyalanganliklari uchun tanqidchining fikrlarini qabul qilishni istashmaydi. Demak, tanqid oʻzgalarning axborot-energetik olamiga tajovuzdir.

Tanqidiy fikrlash – narsalar va hodisalarni analiz qilib asosli xulosalar chiqarish maqsadidagi mulohazalar sistemasi boʻlib, u tanqidiy baholash xarakteriga ega. Yaʼni u tanqidga tayangan analitik fikrlashdir.

Demak tanqidiy fikrlash maqbul yechimni topishning yaxshi usullaridan biri boʻlsa-da, undan doimo foydalanish maqsadga muvofiq emas. Odam oʻzini doimo toʻgʻri deb hisoblamasligi kerak. Garchi bu rohat bagʻishlasa-da, u boshqa nuqtayi nazarlarga eʼtibor bermasligimizga olib keladi. Barcha qarorlarni qabul qilish uchun ham tanqidiy fikrlash zarur boʻlavermaydi. Koʻpincha tanqidiy fikrlashdan koʻra “ijodiy fikrlash” elementlarini qoʻllagan maʼqul.

“Ijodiy fikrlash” - muammoning yechimini topish maqsadida yangi narsani yaratish maqsadidagi fikrlashdir.

Taʼlimda ijodiy fikrlash-mavzuning maʼnosini tushunishga yoʻnaltirilgan, oʻquvchilarning yangi gʻoyaga, xulosaga kelishini taʼminlaydigan fikrlash.

Fikrlash narsalarning yaxshi tomoni va ularni yana-da yaxshilashga qaratilgan boʻlmogʻi kerak. Shu nuqtayi nazardan “tanqidiy fikrlash” fikrlashning eng yaxshi usuli boʻlmay taʼlim jarayonida unga ortiqcha eʼtibor berish maqsadga muvofiq emas. Oʻquvchilarga har qanday vaziyatda ham voqeaning ijodiy tomonlarni topishga oʻrgatish kerak. Ular baʼzan aniq, baʼzan esa ong ostida yashirin boʻladilar.

Hozirgi paytda adabiyotlarda “ijodiy fikrlash”ga alternativ sifatida “kreativ fikrlash” iborasi ham ishlatiladi. “Kreative” - inglizcha soʻz boʻlib – yaratmoq, ijod qilmoq degan maʼnoni anglatadi va shaxs faoliyatini ifodalaydi. Kreativlilk-ijodkorlik qobiliyati. Kreativ fikrlash (ijodiy fikrlash) — gʻayrioddiy gʻoyalarga tayanib muammoning yechimini topish maqsadidagi fikrlash. Kundalik hayotda kreativlik-chorasiz holatlarda maqsadga erishish, muammoga yechim topa olish layoqatini koʻrsatadi. Hozir u ikkita: yangilik va manfaat berish koʻrsatkichlari asosida baholanadi.

Psixologlarning fikrlaricha ong va tana oʻzida bor-yoʻgʻi 1-5 foiz axborotni tashiydi. Asosiy axborot “ong osti” deyilguvchi axborot-energetik tizimda saqlanadi. Unga ota-onadan «meros qilib olingan» (DNKlar orqali oʻtgan) va hayot davomida idrok qilingan maʼlumotlar mavjud. Ular insonning kelajagiga katta taʼsir koʻrsatuvchi omillardir (fol koʻrish va kelajakni oldindan koʻra bilish ham shu bilan izohlanadi).

Ong osti aqlimiz ongimiz yashaydigan olam modelini yaratadi. Tashqi olamda boʻladigan barcha voqea va hodisalar shu olam qonunlariga muvofiq talqin qilinadi. Boshqacha aytganda ongimiz ong osti aqlimiz taqdim qiladigan voqealarning kuzatuvchisi va baholovchisi rolini bajaradi, xolos. Ong ong osti aqlimizdan doimo orqada boʻladi. Aynan shu holat insonga yaratuvchi, sehrgar boʻlish imkonini beradi. U miya, asab tizimi orqali organizmda roʻy beradigan barcha oʻzgarishlar ustidan nazorat qiladi.

Har lahzada bizga ulkan axborot oqimi keladi. Ong osti aqlimiz ularning ong osti dasturimizga mos keladiganlarinigina taqdim etadi. Mos kelmaganlarini esa taqdim etmaydi. Inson idrok qilishning ongli chegaralariga ega. Bu chegaralar bizning sezgi organlarimizning imkoniyatlar bilan bogʻliq. Ong osti bilan idrok qilish va bilish imkoniyatlari esa cheksizdir. Ong osti aysbergning suv ostidagi qismiga oʻxshaydi. U ongdan ancha katta va koʻzdan yashirin. Shuning uchun ham oʻquvchilarga ong ostidan foydalanishni oʻrgatmoq lozim.

Bolalikda qattiq taassurot qoldirgan voqea ong ostida shu payt nuqtayi nazaridan saqlab qolinadi va kelgusi hayotga taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek xotira ham ong osti qaramogʻida boʻladi. Unda sensor kanallari orqali keladigan maʼlumotlar (hayotimiz haqidagi film) “suratga olinib” saqlanadi. Bu “filmlar” maʼlum voqealar taʼsirida tiklanishi mumkin. Ong va ong osti oʻrtasida muvofiqlik, uygʻunlik boʻlishi lozim.

Shunday ekan taʼlim jarayonida oʻquvchilarga koʻproq “ijodiy fikrlash” usullarini oʻrgatish kerak. Aynan shu usullar ularning ong ostida joylashib, idrok qilinadigan barcha maʼlumotlar shu ichki olam taʼsirida talqin qilinadi. Natijada ular ulkan energiyaga ega fikrlash imkoniyatlarini yangiliklarni yaratishga yoʻnaltiradilar. Hozirgi paytda jamiyatda “ijodiy fikrlash” layoqatlariga ega mutaxassislar yetishmasligining asosiy sababi ham aynan taʼlim jarayonidagi ana shu kamchiliklardadir.

“Tanqidiy fikrlash” ruhida taʼlim olganlarning ong ostida esa maʼlumotlardan kamchiliklar izlash ruhiyati hukmron boʻlib, ularda idrok maʼlumotlarni “ijodiy fikrlash” nuqtayi nazaridan talqin qilish koʻnikmasi yetishmaydi. Bu esa jamiyatdagi mavjud muammolarning asosiy sababidir. Shuning uchun taʼlim tizimidan “tanqidiy fikrlash” degan tushunchani olib tashlash kerak. U shu soha mutaxassislariga maxsus kurslarda oʻqitilishi mumkin. Lekin barcha taʼlim oluvchilar uchun uning mutlaqo keragi yoʻq.

Farzandlarimizda har bir koʻrilayotgan muammo, har bir qilinadigan ish, maʼruza, suhbat va hokazolarda ijodiylik, har bir suhbatdoshda ijodiy xususiyatni koʻrishni istasak ularni yosh bolaligidan boshlab “ijodiy fikrlashga” oʻrgatishimiz lozim. Istiqbolga erishmoqning oʻzga yoʻli yoʻq. 

Abduqahhor GʻANIYEV,
Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, 
Nizomiy nomidagi TDPU Shahrisabz filiali direktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?