Taʼlim va fan fidoyisi xotirlandi

15:48 08 Fevral 2024 Jamiyat
86 0

Texnika fanlari doktori, professor Hamid Axmadxoʻjayev Namanganda tekstil ilmiga asos solgan fan fidoyisi edi. Uning toʻqimachilik sanoati sohasiga qoʻshgan munosib hissasini bugun viloyatda sohaning jadal rivojlanib borayotgani misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Namangan toʻqimachilik sanoati institutida olim tavalludining 75-yilligiga bagʻishlab ilmiy-maʼrifiy xotirlash kechasi oʻtkazildi. Unda ustozning shogirdlari, keng jamoatchilik vakillari, professor oʻqituvchilar, yaqinlari va farzandlari ishtirok etishdi. Tadbirda taʼkidlanganidek, marhum Hamidxon Tursunovich hayotining katta qismini ilm-fanni rivojlantirishga, mintaqada toʻqimachilik yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim berish tizimini yoʻlga qoʻyishga sarflagan. Oʻtgan yillar davomida uning rahbarligida oʻndan ortiq ilmiy-tadqiqotlar olib borilib, sohadagi muammolarga ilmiy yechimlar topilgan. Mazkur yoʻnalishda izlanishlar olib borayotgan shogirdlar ham ustozga munosib voris boʻlish yoʻlida dadil intilmoqda.

— Ustoz rahbarligida “Paxta tolasini ajratish jarayonini takomillashtirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borib, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildim. Bugun doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayapman. Oʻz navbatida menga ham ustozlik maqomi nasib etib, yosh avlodga ilm sirlarini oʻrgatmoqdaman. Albatta, bunday natijaga erishishimda ustozimning mehnatlari beqiyos, — deydi shogirdlardan biri Xayrullo Sharipov.

Tadbirda soʻz olganlar fidoyi olim, yetuk mutaxassis H. Ahmadxoʻjayev bosib oʻtgan ibratli hayot yoʻlini yodga olib, yaxshi sifatlarini xotirlashdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер