Taʼlim tizimi rivoji uchun jamiyatning har bir aʼzosi masʼul

10:39 13 Noyabr 2020 Jamiyat
678 0

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizda taʼlim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyotiga birlamchi eʼtibor qaratilayotganining yorqin namunasi boʻldi.

Aytish kerakki, Farmon bilan Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Unda taʼlim tizimi rivoji uchun jamiyatning har bir aʼzosi masʼul ekanligi alohida belgilandi. Bundan buyon oʻqituvchi maqomini oshirish, uning avvalgi obroʻ-eʼtiborini tiklash, taʼlim muassasalaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash hokimliklar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan boʻlsa, Xalq taʼlimi vazirligining maktablar mazmuniga javob berishi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi. Boshqacha aytganda, bundan buyon mahalliy rahbarlar ishiga paxta, gʻallaga qarab emas, taʼlim-tarbiya uchun yaratilgan shart-sharoitga, ilmli-maʼnaviyatli yoshlarga qarab baho beriladi.

Ushbu tarixiy Farmonga partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib yondashadigan boʻlsak, unda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish alohida qayd etilgan. Yaʼni endilikda tajriba sifatida umumiy taʼlim muassasalarini keyinchalik kengaytirish huquqi bilan 5 yilga xususiy sektorning ishonchli boshqaruviga oʻtkazishi belgilandi. Oʻz navbatida, davlat byudjetidan taʼlim muassasalarini taʼminlash uchun ajratiladigan mablagʻlar ham kamaytirilmaydi.

Koʻpchilik yurtdoshlarimizda maktablar maʼlum muddat tadbirkorlar boshqaruviga oʻtsa, pullik boʻladimi degan savol tugʻilishi mumkin. Farmonda xususiy mulkdor zimmasiga bolalar uchun bepul taʼlim berish, binolarni taʼmirlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash kabi majburiyatlar yuklangan. Bundan tashqari, boʻsh binolar va yerlar boshqaruvchiga sport yoki madaniyat muassasalarini tashkil etish uchun ajratiladi. Bu normalar pullik degan tushunchalarga oʻrin qoldirmaydi.

Eʼtiborga molik jihati, OʻzLiDeP Saylovoldi dasturidagi quyidagi vazifalar farmonda toʻla qamrab olindi. Xususan, partiyamiz dasturida maktabdan boshlab oliy taʼlim muassasalarida ham tadbirkorlik darslarini oʻtish, toʻgaraklar tashkil etish, jumladan, Tadbirkorlar akademiyasini, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirish masalalari ilgari surilgan. Farmonda esa oʻquvchilarning maktab fanlari boʻyicha amaliy darslarini salohiyatli ish beruvchilar, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi korxonalari, klasterlar va kooperatsiyalarda oʻtkazish belgilandi. Kengroq mushohada qilinsa, ushbu vazifaning amalga oshirilishi yoshlarning hayotda munosib oʻrin topishiga xizmat qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, farmonda qoʻyilgan vazifalar bolaning taʼlimdagi ilk qadamidan boshlab, kasb tanlashi, hayotga mustaqil qadam qoʻyishigacha boʻlgan davrda uzviylikni taʼminlashga qaratilgan desak toʻgʻri boʻladi.

Sir emas, bugun raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanyapti. Zamonaviy texnologiyalar kirmagan soha qolmadi hisob. Lekin, ushbu texnologiyalar oʻz-oʻzidan ishlamaydi. Ularniyam kimdir aql bilan harakatga keltirsagina foyda beradi. Aksincha boʻlsa, taraqqiyotning soat sayin yangilanib borayotgan kashfiyotlariga mahliyo boʻlib oʻtiraveramiz. Raqamli texnologiyalarni tilini topish uchun albatta puxta bilimga ega, salohiyatli yoshlar kerak.

Farmonda bu masalada ham muhim vazifalar belgilandi. Xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda taʼlimni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy taʼlimni yana-da rivojlantirish, taʼlim oluvchilar oʻrtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish shular jumlasidandir. Bundan koʻzlangan maqsad nima? Ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, iqtidorli yoshlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirishdan iborat. Zero, Uchinchi Renessans poydevorini zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, salohiyatli yoshlar quradi.

Umuman olganda, taʼlim tizimini rivojlantirish bir kishining ishi emas. Shunday ekan davlat rahbarining Farmonida belgilangan hayotiy vazifalar ijrosini birgalikda bajarish kim va qaysi sohada ishlashimizdan qatʼi nazar har birimizning insoniy burchimizdir.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?