Taʼlim sohasidagi poraxoʻrlikka sabab nimada?

13:02 13 Aprel 2021 Jamiyat
287 0

“Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi pora bilan qoʻlga olindi”. Shu soʻzning oʻzi etni qanchalar junjiktiradi. Boisi, insoniyat yaralibdiki, boshqalarga taʼlim-tarbiya beradi. Shu orqali el-yurtda obroʻ qozonadi, hurmatga sazovor boʻladi. Xalqimiz bejiz: “Ustoz otangdek ulugʻ” deb aytmagan.

Oʻqituvchi shu qadar kamtar, shu qadar samimiyki, uning shaʼniga tushgan gardni oʻzimizga yuqqan gʻubordek qabul qilamiz. Chunki shuurimizni uning aqli bilan topganmiz, dunyoni uning nigohi bilan koʻra boshlaganmiz, mustaqil hayotga uning duosi bilan qadam bosganmiz. Oʻz xalovatidan, salomatligidan kechib boʻlsa-da, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan har bir oʻqituvchining oʻzi mangulikka daxldordir. Pora bilan qoʻlga tushgan masʼul shaxsning nooʻrin xatti-harakati esa ana shunday yuksak eʼtiroflar egalari boʻlmish ustozlar shaʼniga dogʻ boʻlmasligi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum qilinganidek: Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uning xalq taʼlimi tizimida ishlovchi tanishlarini attestatsiyadan oʻtkazish, ikki nafar tanishini maktab direktori lavozimiga hamda dugonasini maktab direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlash masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 8 400 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi fuqarodan yuqorida qayd etilgan masalalarni ijobiy hal qilib berish evaziga 900 AQSH dollarini pora tarzida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi».

Bu matbuotda shu mavzuda eʼlon qilingan birinchi maqola emas, albatta. Aslini olganda taʼlim sohasidagi korrupsion holatlar borasidagi harakatlar yuzasidan eʼtirozlar respublikamizning qaysidir bir hududida hamon uchrab turibdi. Savol tugʻiladi: bu kabi salbiy hodisalarning yuzaga kelishiga sabab nima? Nima qilsak taʼlim sohasidagi poraxoʻrlikka chek qoʻyamiz?

— Korrupsiya qon-qonimizga shu qadar singib ketdiki, natijada usiz sohaning oʻzi qolmadi, menimcha, — deydi Andijon tumanidagi 3-kasb-hunar maktabi yoshlar yetakchisi Nodiraxon Azimova. — Afsuski, bu illatdan xalq taʼlimi sohasi ham xoli emas. Tan olish kerak, aksariyat masalalar pulsiz bitmaydi. Qanchalik xohlamaylik, ammo bu haqiqat! Baʼzan yoshi ulugʻ insonlardan oʻrnak olgimiz keladi, lekin ularning orasidan ham maktabni daromad manbaiga aylantirib olganlarini uchratish mumkin. Kimki, ishga pul berib joylashgan boʻlsa, bilingki, oxirigacha pul bilan muomala qiladi. Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Azizbek Mirkomilov sohada korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha barcha choralarni ishga solyapti, shunday boʻlishiga qaramay ozmi-koʻpmi salbiy holatlar uchrab turganligi kishini tashvishlantiradi, albatta.

Shaxsiy fikr har doim ham bir taraflama boʻlgan. Biroq, shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Sohada muammolar yoʻq emas, lekin barcha hududlar ham illatlar girdobida, deb boʻlmaydi.

— Taʼlim sohasida korrupsiyaning ildiziga bolta urishdan avval uning chorasini koʻrish kerak, — deya fikr bildiradi Andijon viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi xodimi Olimbek Tursunov. — Axir, chinorning ildizini qoʻporish uchun ham avval daraxtni kesish kerak-ku! Menimcha, taʼlim sohasi vakillarining oylik maoshlarini oshirish orqali poraxoʻrlikka nisbatan chek qoʻyish lozim.

Taʼlim sohasidagi har bir harakat, eng avvalo, ota-onalar eʼtiborini jalb etadi. Chunki, bu ularning farzandlari tarbiyasi bilan bogʻliq. Mansabdor shaxsning pora olganlikda ayblanayotganligi aksariyat hamyurtlarimizni ham befarq qoldirmadi.

— Avvallari maktabni taʼmirlash, oʻqituvchiga sovgʻa olish, daraxt koʻchati ekish, metallolom yigʻish kabi sabablar bilan pul yigʻishlar boʻlardi, — deydi Andijon shahridagi A. Fitrat koʻchasida istiqomat qiluvchi Dilafroʻz Ahmedova. — Shukrkim, ayni paytda bu kabi odatlar ortda qoldi. Oʻqituvchi xalqi azaldan mehnatsevar boʻlgan, hozir ham shunday. Qaysidir mansab egasi nooʻrin xatti-harakat sodir etsa uni butun taʼlim sohasiga yoʻyish yaxshimas. Odamning olasi ichida boʻladi. Shaxsan men oʻqituvchilardan minnatdorman, kimdir sabab boʻlib ularning shaʼniga dogʻ tushishini xohlamayman.

Oʻqituvchi har doim ulugʻ boʻlgan va bundan keyin ham qadri qaddidan baland boʻlgay! Biroq, ana shunday ehtirom sohiblari yetakchisining nomaqbul harakatini hech bir sabab bilan oqlab boʻlmaydi. Taʼlim sohasining rahbariki, poraxoʻrlikka qoʻl ursa uning qoʻl ostidagilardan, pora berib ishga kirgan oʻqituvchidan, oʻsha oʻqituvchi saboq bergan oʻquvchidan nimani kutish mumkin? Bugun biz shahardagi mavjud maktablarda oʻqiyotgan necha nafar oʻgʻil-qiz fan olimpiadasida gʻolib chiqqanligini, sport bellashuvida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtara olganligini, qaysi oliy taʼlim dargohlariga oʻqishga kirganligini muhokama qilishimiz kerak boʻlgan bir kezda taʼlimdagi tarbiyasizlikning ildizini kovlashimiz alam qiladi kishiga. Biz har doim sifatli taʼlimdan, malakali oʻqituvchidan, namunali tizimdan faxrlanish tarafdori boʻlganmiz va ishonamizki, shu maqsad sari odimlamoqdamiz. Yoʻlda uchragan ayrim illatlarni esa oyoq ostida paydo boʻlgan toshni uloqtirgandek chetga surish oʻrinlidir.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?