Taʼlim sifati rivojlansa, har bir sohada oʻzgarish va rivojlanish boʻladi

19:20 17 Iyun 2021 Jamiyat
653 0

Mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekanligi isbot talab qilmas haqiqatdir. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olinishini yana-da kengaytirish, ularni bilim va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Yangi Oʻzbekistonga ilm-fanga eʼtibor yuqori choʻqqiga chiqqani bejiz emas. Chunki hozir zamonaviy hayotni ilm-maʼrifat va taʼlimning taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Jahonning yetakchi davlatlarida ham taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanmoqda. Zero, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kuni kecha oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgani bu boradagi ishlarning qanchalik dolzarb ekanligini tasdiqlaydi.

Shu jihatdan, oliy taʼlim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Birgina oxirgi 3 yilda oliy taʼlim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetdi, qabul oʻrinlari 66 mingtadan 181 mingtaga oshdi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xorijiy mamlakatlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida 64 ta yangi kasb boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Albatta, mamlakatimiz taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash boʻyicha hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar eʼtiborga molik. Lekin shunga qaramay, sifat borasida oʻzgarishlar hali-hamon sezilmayapti. Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻquv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish masalasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, rektorlarning eʼtiboridan chetda qolib ketmoqda.

Masalan, bugungi kundagi 815 ta yoʻnalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Ayrim yoʻnalishlar boʻyicha tayyorlanayotgan kadrlar amaliyotda oʻz oʻrnini topa olmay, butunlay boshqa sohalarda ishlamoqda. Demak, endi oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy taʼlim muassasalaridagi ixtisoslik yoʻnalishlari, mutaxassisliklarni hududlar, sohalar boʻyicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlarini inobatga olish lozim.

Yana bir muhim masala, talabalik safiga qabul qilish, oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, talabalarning oʻqish joyini koʻchirishda korrupsiya holatlari koʻp kuzatiladi. Oʻtkazilgan soʻrovlarda aholining 65 foizi oliy taʼlimdagi islohotlar natijasi sezilmayotganini bildirgan.

Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari sohadagi 4 ta ustuvor vazifani koʻrsatib oʻtdi. Birinchisi oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish boʻlsa, ikkinchisi oʻquv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning oʻz ustida ishlashi uchun muhit yaratishdir. Oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish hamda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Ularni samarali bajarish uchun oliy taʼlim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi masala yechimiga qaratilgan eng toʻgʻri yoʻldir. Negaki, bundan buyon, oʻquv rejasi va adabiyotlar, fan dasturlarini joriy etish, professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasi hamda taʼlim shakllarini belgilashni oliygoh boshqaruv kengashining oʻzi hal qiladi.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati masalasiga alohida eʼtibor qaratilar ekan, xalqaro tajribada ilmiy salohiyat 70 foizdan kam boʻlsa, bunday universitet nufuzli hisoblanmasligi, yurtimizda bu koʻrsatkich juda pastligi, 24 ta oliy oʻquv yurtining ilmiy salohiyati 25 foizga ham bormasligi, 19 tasida birorta professor va fan doktori yoʻqligi aytib oʻtildi.

Inchunin, soʻnggi 30 yilda atigi 208 nafar professor-oʻqituvchi xorijda ilmiy daraja olgan. Bu esa kelgusi yildan doktoranturaga kvotalar sonini 2 baravar koʻpaytirishni, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib borishni taqozo etadi. Buning uchun har yili byudjetdan qoʻshimcha 100 milliard soʻm, har bir tarmoq oʻz sohasiga tegishli oliygohlarga doktorantlar kvotalari uchun yana 10 milliard soʻmdan ajratishi mamlakatimiz ilm-fanini yana-da rivojlantirishga qaratilgan dadil qadamdir.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda talabalar uchun qoʻshimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj bor. Bu talabalar uchun qoʻshimcha yotoqxonalar qurish zarur degani. Yigʻilishda yotoqxonalarni tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik asosida tashkil etish uchun oliy taʼlim muassasasi hududidan yoki unga yaqin joydan auksion orqali yer ajratilishi belgilandi. Mazkur binolarning birinchi va ikkinchi qavati biznes uchun tadbirkorlarga berilib, yuqori qavatlari arzon turar joy boʻladi. Talabalarga bu boradagi xarajatlarning 50 foizi byudjetdan qoplab berilishi ularni koʻnglini togʻdek koʻtardi, nihoyatda mamnun etdi.

OʻzLiDeP saylovoldi dasturida Oʻzbekistonning taʼlim va intellektual rivojlanish darajasi boʻyicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu borada taʼlim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Taʼlim toʻgʻrisidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, unda taʼlim muassasalarini moliyalashtirish, faoliyatini baholash metodologiyalarini joriy etish hamda oliy taʼlimda moliyaviy mustaqillikni belgilab beruvchi qoidalarni bayon etishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

Xulosa oʻrnida aytganda, oliy taʼlim mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilab beradigan, jamiyat hayotining barcha jabhasini isloh etishda hal qiluvchi vazifani bajaradigan muhim omildir. Jamiyatda oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali boʻladi. Taʼlim sifati rivojlansa, har bir sohada oʻzgarish, rivojlanish kuzatiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?