Taʼlim xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashni takomillashtirishda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish lozim?

16:26 08 Fevral 2023 Jamiyat
486 0

Foto: Arxiv surat

Bugungi kunda kattalar taʼlimi shaxsning hayot davomida oʻqishga boʻlgan ehtiyojlarini amalga oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy strategiya, modus vivendi (turmush tarzi), global miqyosda bilim olishning eng universal vositasi sifatida tavsiflanmoqda.

1976-yilda Nayrobida BMTning taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha Bosh konferensiyasida kattalar taʼlimini rivojlantirish boʻyicha tavsiyanoma ishlab chiqildi. Undan keyin turli yillarda Hamburg, Sofiya, Bangkok, Toshkent konferensiyalarida kattalar taʼlimida hamkorlik, hayot davomida taʼlimni ragʻbatlantirish muammolari muhokama qilindi. Xususan, Hamburg konferensiyasida kattalar taʼlimi faol fuqarolik natijasi va jamiyat hayotida toʻliq ishtirok etish sharti, andragogikaning taraqqiyot uchun muhim boʻlgan xususiyati sifatida tilga olindi.

Andragogika (yunon tilida andros — katta yoshdagi inson, ago — boshlamoq) katta yoshdagilarning ilmiy-nazariy va pragmatik muammolarini tadqiq etishga yoʻnaltirilgan konsepsiya sifatida kattalar taʼlimining metodologik, nazariy, amaliy jihatlarini, samarali oʻqitishning qonuniyatlarini oʻrganadi.

Bugungi kunda dunyoning barcha rivojlangan davlatlari kattalar taʼlimi dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Kattalar taʼlimining ahamiyati Hamburgdagi YUNESKO taʼlim instituti, Parijdagi xalqaro taʼlimni rejalashtirish instituti, Kattalar taʼlimi boʻyicha Shveysariya tashkiloti, Fransiyadagi Xalqaro pedagogika markazi, Buyuk Britaniyadagi Kattalar taʼlimi milliy instituti kabi koʻplab xalqaro va milliy tuzilmalarning tashkil etilishi bilan eʼtirof etiladi.

Oʻzbekistonda taʼlim xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi andragogik modelni amalga oshiradi. Mazkur model hayot davomida taʼlimni, taʼlim oluvchining subyektivligini, mustaqil bilim olish, oʻz-oʻzini rivojlantirishni taʼminlaydigan texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan.

Germaniyada “Adult Education Survey” (AES) taʼlim hisobdorligi tizimi faoliyat olib boradi. Bu yerda taʼlim konsepsiyasini amalga oshiradigan “Volkshochschulen” formati mavjud boʻlib, ular Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasiga birlashgan. Yevropa mamlakatlari hamda AQSHda faoliyat olib boruvchi University of Eksponensial tamaddun, raqamli iqtisodiyot, bilim va sohalarga oid maʼlumot olish yosh koʻrsatkichlari jihatidan cheklanmasligi omillarini jiddiy anglash taʼlimning konseptual yangi paradigmasini qabul qilishni taqozo etdi hamda kattalar uchun taʼlim fenomenining paydo boʻlishiga imkon berdi. Lifelong learning diskursida andragogika - kattalar taʼlimi meynstrim xususiyat kasb etmoqda, yaʼni ommaviylashib bormoqda. Shu munosabat bilan taʼlim menejmenti, sotsiologiya, andragogika, ijtimoiy pedagogikaga oid ilmiy tadqiqotlarda Lifelong learning namunasining kattalar taʼlimi yoʻnalishi bilan bogʻliq tadqiqotlar dolzarb ahamiyatga ega.

Texnogen jamiyat taraqqiyotida taʼlim rivojlanish omiliga aylanib, kapital, mehnat kabi anʼanaviy qarashlar ahamiyatini kamaytiradi. Namunaviy almashinuvlarning texnologik tartiblarga (techno-economic paradigm) bogʻliqligini oʻrgangan avstriyalik sotsiolog Yozef Shumpeter (Joseph Schumpeter) rivojlanish bosqichlarining bir-biriga bogʻliqlik xususiyatini qayd etadi.

Lifelong learning qarashlarining rivojlanishida 2000-yilda Lissabon shahrida boʻlib oʻtgan Yevropa sammiti muhim ahamiyat kasb etadi. Sammit insoniyat “bilimlar davriga” kirganini eʼtirof etib, bilimga asoslangan iqtisodiyotga va jamiyatga muvaffaqiyatli oʻtishni Lifelong learning paradigmasi bilan oʻzaro bogʻliqlikda koʻradi. Mazkur tadqiqot doirasida taʼlim namunasining kattalar uchun yoʻnaltirilgani alohida diqqatga sazovor.

Ijtimoiy-tarixiy yoʻnalishda kattalar taʼlimining nazariy yondashuvlari amerikalik pedagog Malkolm Noulz, Paolo Freyre va Nottingem tadqiqotchilar guruhi asarlarida konseptual tarzda shakllantirildi. Nottingem universiteti tadqiqotchilari tomonidan taklif qilingan yondashuvda Freyre nazariyasining bazaviy tamoyillari – taʼlimning ijtimoiy-tarixiy manbasi, oʻqitishning amaliyot bilan bogʻliq ekspozitsion xususiyati davom ettiriladi. The Third Age (uchinchi asr universiteti) xalqaro harakatining maqsadi – jamiyatning nafaqadagi aʼzolarining taʼlim olishini ragʻbatlantirishdir.

Kattalar taʼlimi muammolariga oid tadqiqotlar natijalari taʼlim dasturlari har doim ham shaxsning shaxsiy-kasbiy rivojlanishiga qaratilmaganini koʻrsatadi. Kattalar taʼlimiga kiritilgan pedagogik modellar koʻplab ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Ularda kattalarning ehtiyojlari, manfaatlari, motivlari, feʼl-atvor tuzilishlari hisobga olinmaydi. Berilgan maʼlumotlar kattalarning oʻzaro taʼsir, ishlab chiqarish faoliyati uchun oʻzini oʻzi rivojlantirishga yoʻnaltirilmagan. Taʼlim faoliyati reproduktiv tarkibga (tayyor bilimlardan foydalanish) qaratilgan. Auditoriya bilan ishlash usullari demokratik texnologiyalarni oʻz ichiga olmaydi. Akmeologik yetuklik, yaʼni, oʻz harakatlaridan xabardor boʻlish, ularni muvofiqlashtirish, loyihalash, tartibga solishni nazarda tutmaydi.

Ushbu tahlillar andragogikaning taʼlim dasturlariga quyidagi bilim va koʻnikmalarini tatbiq etish zaruriyatini taqozo etadi: 

— VUCA-dunyo, bilimlar jamiyati kontekstida raqobatbardosh nazariy va amaliy kompetensiyalar;

— global fuqarolik, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish maqsadida dunyoviy ong, ekologik tafakkur;

— kreativ, ijodiy fikrlash, ilm-fan va sanoatda yangi, nostandart gʻoya va intellektual yechimlarni taklif qilish;

— faol fuqarolik; inson huquqlari, madaniyatlararo muloqot;

— axborotlar bilan ishlash, tanqidiy fikrlash;

— gender tengligi, kattalar taʼlimi siyosatining gender-madaniy jihatdan sensitivligi; taʼlim imkoniyatlarini cheklaydigan stereotiplarni bartaraf etish;

— ijtimoiy adolat, tinchlik va muzokara madaniyati, konflikt-menejment (nizolarni boshqarish); mediativ yondashuvlar.

Andragogik taʼlim dasturlarining bazaviy xususiyatlari – axborot jamiyatining konseptual xususiyatlari va ehtiyojlariga relevantligi, yaʼni, moslashuvchanligi, shaxsning kasbiy tayyorgarlik hamda individual xususiyatlarini hisobga olish, taʼlim motivatsiyasi, onlayn taʼlim imkoniyatlari, davriylik, texnologik yechimlar taʼlimning natijaviyligini va muvaffaqiyatini taʼminlaydi.

Tadqiqotlar kattalar taʼlimini 2030-yilgacha rivojlantirishning milliy doktrinasini qabul qilish, “Kattalar taʼlimi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish, andragogikaning axborot-taʼlim muhiti, korporativ taʼlim imkoniyatlarini yaratish, Lifelong learning oʻquv markazlarini tashkil etish, taʼlim jarayonini BMT, YUNESKO, YUSAID, DVV international kabi xalqaro tashkilotlarning taʼlimdagi tashabbuslari – global fuqarolik, inson huquqlari, shaxs ekologiyasi, barqaror rivojlanish tamoyillari asosida tashkil etish, dasturlarda shaxsning kasbiy faoliyati, hayotiy tajribasi, qiziqishlarini hisobga olish, amaldagi dasturlarga tez oʻzgaruvchan mehnat bozorida shaxs uchun zarur boʻlgan kompetensiyalar, jamiyatning kasbiy faoliyatdagi talablarini taʼminlashga imkon beruvchi modullarni kiritish, Lifelong learning taʼlim paradigmasi doirasida forsayt-tadqiqotlarni amalga oshirish lozimligini koʻrsatadi..

Mazkur jarayonning ilmiy-nazariy asoslari va tashkiliy-metodik yondashuvlarini ishlab chiqish XXI asr taʼlimi oldida turgan dolzarb masala hisoblanadi.

Mohira XOLIQOVA,

Xalq taʼlimi vazirligi Toshkent shahar

pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish

milliy markazi direktori, falsafa doktori, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер