Talabani zoʻrlamoqchi boʻlgan dekan oʻrinbosari qamoqqa olindi

11:23 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
148 0

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining dekan oʻrinbosari 3-kurs talabasini oʻz xonasida zoʻrlashga uringani, soʻng qarshilik koʻrsatgani uchun derazadan itarib yuborgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat prokuratura tomonidan oʻrganilayotgani maʼlum qilingandi.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni bildirdi:

«Joriy yilning 18-oktabr kuni taxminan soat 16.00 larda 1984-yilda tugʻilgan Yu.Bagʻibek oʻzining xizmat xonasida 2001-yilda tugʻilgan K.Mushtaribonuning nomusiga tegmoqchi boʻlganda oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatda jinoiy qilmishini oxiriga yetkaza olmagan. Soʻng jinoyatini yashirish maqsadida K.Mushtaribonuni derazadan pastga itarib yuborgan», deyiladi IIBB xabarida.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda («Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Yu.Bagʻibekka nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?