Talabalar muammolari: ularning qonuniy yechimi bormi?

19:16 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
321 0

Soʻnggi kunlarda Adliya vazirligiga talabalarni qiynayotgan muammolar boʻyicha turli xil savollar kelib tushmoqda. Qonunchilikda talabalarga yaratilgan imtiyozlar va ularning kafolatlarini keng aholi qatlamiga tushuntirish maqsadida ushbu vazirlik onlayn muloqot oʻtkazdi.

Muloqot Adliya vazirligining Facebookdagi “Adliya bilan muloqot” (https://www.facebook.com/groups/adliya/) guruhida hamda YouTubeʻdagi rasmiy sahifasida onlayn ravishda oʻtkazildi.

Muloqotda Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va “Madad” NNT masʼul xodimlari ishtirok etib, talabalar turar joyiga joylashish, taʼlim krediti va akademik taʼtil olish hamda TDYUU, yuridik texnikum va akademik litseylarda oʻqish jarayoniga oid savollar boʻyicha huquqiy tushuntirish berishdi.

Xususan, talabalar turar joyiga joylashishda ijtimoiy himoya yagona reyestrda turgan, chin yetim, yetim, I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan oila farzandlari, 2 yoki undan ortiq oilasida toʻlov kontrakt asosida oʻqiydigan aka-uka yoki opa-singillari boʻlgan talabalar imtiyozli toifaga kiritilgan. Ijara asosida yashaydigan talabalarga Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari, qolgan hududlarda – BHMning 0,5 baravari iborat miqdorda ijara puli toʻlab berilishi haqida tushuntirish berildi.

Shuningdek, talabalarga taʼlim krediti ajratish tartibi va buning uchun talab qilinadigan hujjatlar, oilasining betob aʼzosini (otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, turmush oʻrtogʻi, farzandi) parvarish qilish uchun akademik taʼtil olish mumkinligi, homilador va tugʻish taʼtilida boʻlgan talabalar dars mashgʻulotlariga onlayn ravishda ishtirok etishga ruxsat berilishiga oid qonuniy tartiblar aytib oʻtildi.

Bundan tashqari Adliya vazirligi yuridik texnikumlari va TDYUU qoshidagi akademik litseylarga kirish uchun topshirilgan imtihon javoblari qachon chiqishi, yuridik texnikum va akademik litseylarda oʻqish, kontrakt summalari hamda bitirgandan soʻng ishga kirish masalalari boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi.

Yuridik texnikumlar bitiruvchilari notarius yordamchisi, FHDYO boʻlimi inspektori, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari, sudya yordamchisi va davlat ijrochisi kabi 89 ta mutaxassislikda ishlashlari mumkinligi taʼkidlandi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?