Taklifim inobatga olindi

21:38 18 Mart 2023 Jamiyat
575 0

2023-yil 9-10-mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish haqidagi masala muhokama qilingandi.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga eng yaxshi takliflarni yuborgan 10 nafar faol fuqarolar qatorida men ham ishtirok etdim. Bu menga, yaʼni oddiy oʻqituvchiga yuksak iftixor bagʻishladi. Men tomondan berilgan taklifning oliy darajada eʼtirof etilishi, albatta, kutilmagan voqea boʻldi.

Yalpi majlisda Qonunchilik palatasida, avvalo, qoʻmita va fraksiyalar yigʻilishlarida muhokama qilinib, bir qancha chigʻiriqdan oʻtgan Konstitutsiya loyihasining har bir moddasiga birma-bir toʻxtalib oʻtilgani eʼtiborimni tortdi. Bu jarayonda men qonun loyihasi muhokamasi ochiq, qizgʻin tarzda boʻlganligi va deputatlarning birgina jumla yoki soʻz uchun qizgʻin tortishishiga guvoh boʻldim.

Koʻpchilik qatori https://meningkonstitutsiyam.uz platformasi orqali amaldagi Konstitutsiyaning 99-moddasiga “Ayni bir shaxs tegishli hududning ham vakillik, ham ijro organining rahbari boʻlishi mumkin emas. Hokim mahalliy Kengash raisligiga saylanishi mumkin emas” degan normani kiritish taklifini bergan edim.

Qarangki, ushbu taklifim inobatga olinib, Konstitutsiya loyihasining 120-moddasida “Viloyat, tuman va shahar hokimlari mahalliy Kengash raisi lavozimlarini egallashlari mumkin emas” koʻrinishida oʻz ifodasini topdi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: “Bu norma xalqimizga, qolaversa, mamlakatga nima beradi, qaysi jabhalarda oʻzgarish boʻladi?”

Agar biz Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonuniga eʼtibor bersak, unda mahalliy Kengashlarning ijro organi faoliyati ustidan bir nechta vakolatlari belgilangan. Byudjet, soliq va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar shular jumlasidan.

Mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining boʻlinishi mamlakatda butun davlat boshqaruvi tizimini chuqur isloh qilish uchun asos boʻladi. Shu asosda mahalliy Kengash raisi bilan hokim lavozimini bir-biridan ajratish amalga oshiriladi.

Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining boʻlinish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini toʻliq taʼminlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Xulosa oʻrnida aytganda, konstitutsiyaviy islohot biz, fuqarolarning fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirilayotgani Bosh qomusimizning xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylanishiga imkon beradi.

Qahramon UZOQOV, oʻqituvchi.

Fargʻona viloyati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер