Taxatoshda Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun sport musobaqalari oʻtkazildi

16:29 11 Avgust 2022 Jamiyat
324 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha viloyatlar masʼul etib biriktirilgan. Shu jumladan, Orolboʻyidagi Taxiatosh tumanida Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan manzilli dasturga asosan 2022-2023-yillarda qiymati 239,6 milliard soʻmlik 19 ta loyihani amalga oshirish, pirovardida bir yarim mingga yaqin ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilmoqda. Ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlar ayni paytda qizgʻin surʼat kasb etganini taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir.

Qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda taxiatoshlik yoshlarni sportga keng jalb qilish, ularning hordiq chiqarishlari uchun yetarli sharoit yaratish chora-tadbirlari izchil olib borilmoqda. Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida yaqinda Taxiatosh tumanida Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun shaxmat, stol tennisi hamda futbol musobaqalari tashkil etildi. Unda 13 mahalladan yuzlab sportsevar oʻgʻil-qizlar faol ishtirok etdi. Musobaqalar yakunida gʻoliblar tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati nomidan Taxiatosh tumanidagi sport maktabiga kurash gilami, Abatmakan va Markaz mahallalari yoshlari uchun strit-vorkaut jihozlari topshirildi.

— Biz, yoshlar vakillarining Taxiatoshga bu galgi tashrifimiz, ayniqsa, koʻplab madaniy va sport tadbirlarga boy boʻlmoqda. Bu esa surxondaryolik va qoraqalpoq yoshlari oʻrtadagi doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta. Shuni ham aytish kerakki, bir muddat avval taxiatoshlik yuz nafar oʻgʻil-qizlar Surxon vohasidagi Koʻhitang togʻ tizmalari qoʻynida joylashgan “Beshbuloq – Surxon – Sherobod” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida boʻlib qaytishdi. Muntazamlik kasb etgan doʻstlik aloqalari yangidan-yangi loyihalar, amaliy tadbirlarni oʻtkazishga katta turtki berayotir, —  deydi Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Jamshid Choriyev.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?