Tahoe, Traverse, Trailblazer, uylar, pul mukofotlari — oʻzbekistonlik paralimpiyachilarga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi

22:54 06 Sentyabr 2021 Sport
1070 0

Bugun “Tokio-2020” XVI yozgi Paralimpiadasida qatnashgan Oʻzbekiston delegatsiyasi Toshkent-3 aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Vakillarimiz dabldekerlarda shahar boʻylab olib oʻtildi.

Shundan soʻng “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida “Tokio-2020” XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqanlar matonatli sportchilarimizni ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan tabrikladi.

— Yangi Oʻzbekiston bogʻi ochilishi boʻlib oʻtayotganda, sizlar musobaqalarda kurashayotgan edingiz, shu tufayli Prezident sizlarni aynan shu yerda kutib olishimizni aytdi, — dedi Bosh vazir Abdulla Aripov paralimpiyachilarga yoʻllagan tabrigida.

Shundan soʻng asosiy qism boshlandi. Paralimpiyachilarga sovgʻalarni Bosh vazir Abdulla Aripov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov topshirdi.

Xususan, oltin medal sohiblariga “Tahoe” avtomobili kaliti va shahar markazidan 3 xonali uy sertifikati hamda kaliti berildi.

Kumush medal sohiblariga “Chevrolet Traverse” avtomobili kaliti va shahar markazidan 2 xonali uy sertifikati hamda kaliti topshirildi.

Bronza medal sohiblariga “Chevrolet Trailblazer” avtomobili kaliti va shahar markazidan 1 xonali uy sertifikati hamda kaliti taqdim etildi.

Shuningdek, mos ravishda birinchi oʻrin egalariga 200 ming AQSH dollari, ikkinchi oʻrin sohiblariga 100 ming AQSH dollari va bronza olganlarga 50 ming AQSH dollaridan pul mukofotlari ham beriladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston delegatsiyasi ushbu Paralimpiya oʻyinlarida 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalga sazovor boʻldi. Bu esa umumjamoa hisobida 162 delegatsiya orasida musobaqani 16-oʻrinda yakunlashimizni taʼminladi. Bu koʻrsatkich Osiyo jamoalari (Xitoy, Yaponiya va Erondan soʻng) va MDH (Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin) mamlakatlari orasida toʻrtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar orasida birinchi boʻldi. Qayd etish joiz, Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlarida ham 8 ta oltin medal bilan 16-oʻrinni band etgan edik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?