Tafakkurning 64 nuqtasi — bilimlar olamiga olib boruvchi eng jozibali yoʻl

16:56 04 Mart 2021 Sport
688 0

Illyustrativ foto

Har bir inson qalbidagi ezgu orzular ulugʻ maqsadlar sari boshlaydi. Ayniqsa, bolalikning begʻubor damlaridagi beadoq xayrli niyatlar uzluksiz tarbiya bilan tartibli yoʻnalish olib, bir-biridan yuksak pogʻonalarni zabt etishga chorlaydi.

Italiyalik mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo “Bilimsizlar jinoyatchilardan koʻra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad boʻladi, tentaklarda esa yoʻq. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo boʻladi”, deb yozadi.

Xitoylik faylasuf Konfutsiy esa bilimsizlikni eng qorongʻu tunga oʻxshatadi...

Xoʻsh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin? Aniq va sinalgan yoʻllari bormi? Albatta, bor.

Aql “mashʼala”lari qanday yoqilmoqda?

Masalan, jamiyatda insonning butun umr ilm olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, maʼrifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga goʻdakligidanoq ziyo olib kirish yordamida aql “mashʼala”larini yoqish, marralarga erishish mumkin. Bu juda mashaqqatli, ammo sharafli yoʻl, uzoq vaqt sarflanadigan vazifa, ogʻir mehnat, taraqqiyot sharti, zamon talabidir.

Kuzatayotgan boʻlsangiz, Oʻzbekistonda keyingi yillarda ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ana shu qatʼiyat, intilish oʻz ifodasini topib boryapti. Bu uchinchi Renessans quyoshi uygʻonayotganidan dalolatdir.

Quvonarlisi, kelajak avlod kamoloti yoʻlida nafaqat ularni erta yoshidanoq kitobga oshufta etish, til oʻrgatish, oʻqituvchilarning hayotdagi maqomini tubdan koʻtarish, ularni qoʻllab-quvvatlash, yangi bogʻchalar, maktablar qurish, ota-onalarning dunyoqarashini oʻzgartirish va javobgarligini oshirish, mazkur vazifalarga masʼul sohalarda korrupsiyani yoʻqotish kabi anʼanaviy usullar qoʻllanilyapti, balki nostandart, ammo ijobiy natija beradigan tamoyillarga ham murojaat qilinmoqda.

Ulardan biri mamlakatda, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida shaxmatni ommalashtirish bilan bogʻliq. Bu bejiz emas. Zero, mumtoz tilda aytganda, shatranj insonda nafaqat aqliy salohiyat va mantiqni yuksaltiradi, balki ruhiyatni ham chiniqtiradi.

“Piyoda”dan “farzin”ga aylanish sanʼati

Bu aslida bobomeros qadriyat hamdir. Zotan, buyuk ajdodimiz, harb sanʼatining yetuk sarkardasi Amir Temur nafaqat jang maydonida, balki oq-qora kataklar ustida ot surishni yoqtirganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi. Ayrim manbalarda Sohibqiron, hatto oʻz shaxmatini yaratgani aytiladi. U tarixda Temur shatranji nomi bilan mashhurdir.

Oʻzi boshqargan davlatni oqilona siyosati, strategik fikrlashi va aniq islohotlari asosida taraqqiyotning yuksak choʻqqilariga olib chiqqan yetakchilar esa xalqaro siyosat maydonining “grossmeysterlari”, deb atalishi ham bejiz emas. Zero, mashhur siyosatchi Zbignev Bjezinskiy taʼbiri bilan aytganda, “buyuk shaxmat taxtasida munosib dona surish” juda katta mahorat, iroda va pragmatizmga asoslangan tafakkurni talab etadi. Qarangki, bunday yetakchilarning koʻpchiligi shaxmat oʻynashni suyishi qatorida, mamlakatida mazkur sport turini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratgan va bu anʼana bugun ham davom ettirilyapti.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, Napoleon Bonapart, Jorj Vashington, Avraam Linkoln, Uinston Cherchill, Maxatma Gandi, Vaslav Gavel kabi oʻz davrining yetuk siyosiy vakillari shaxmat shinavandalari boʻlgan, ular boʻsh vaqtining katta qismini “shoh va mot” sanʼatiga bagʻishlagan.

Xamfri universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra esa 1880-yildan boshlab AQSH prezidentligiga demokratlar partiyasidan saylangan Prezidentlarning 89 foizi, yaʼni har 9 tasidan 8 nafari, respublikachilardan esa 35 foizi (har 14 tasidan 5 nafari) ashaddiy shaxmatchi boʻlgan. “Singapur moʻjizasi” muallifi va ijrochisi Li Kuan Yu ham farzandlari bilan kataklar ustida dona surishni kanda qilmagan ekan. Aynan u bir paytlari taʼbir joiz boʻlsa, dunyo shaxmat taxtasida oddiy “piyoda” maqomida yurgan Singapurni “farzin” darajasigacha koʻtargan, xalq manfaatlarini bekamu koʻst taʼminlashning uddasidan chiqqan edi. Zero, shaxmat tilida aytganda, u endshpildan koʻzlangan asosiy maqsad ham piyodani farzinga aylantirish ekanligini boshidayoq chuqur anglagan. Li Kuan Yu buyuk missiyasini bajarishda hamisha “Isteʼdodli odamlar — mamlakatning bebaho boyligi” shiori ostida meritokratiya tamoyiliga tayangan.

Shaxmatga “oshiqlik” ijod va sanʼat olamiga ham begona emas. Yozuvchi Lev Tolstoy, olim Dmitriy Mendeleyev, rassom Arxip Kuidji, bastakor Sergey Prokofyev ham shaxmat ishqibozi edi. Hatto aktyor Arnold Shvarsenegger “aql gimnastikasi”dan ortib qolgan vaqtini bilaklariga sarflagan deyishadi.

Oʻzbekistonda esa Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi elimiz suygan shoirlar ham shaxmat oʻynashni nafaqat jon-dildan yaxshi koʻrgan, balki boshqalarni ham shunga daʼvat etgan.

2-3 ta ishni birdaniga qilishga urinishning “kushandasi”

Biz bu bilan shaxmatni “fetish” sifatida koʻrsatish yoki hamma uni oʻrganishi yo oʻynashi shart deyish niyatimiz yoʻq. Shunchaki sizga, ayniqsa, yoshlarga qarata jamiyat taraqqiyotida boshqa koʻplab omillar qatori shaxmatga oshuftalik va 64 katak ustida mulohaza yuritish ham muhim rol oʻynashi mumkinligini aytmoqchimiz, xolos.

Shu oʻrinda nega, degan savol ham tugʻilishi mumkinligini eʼtibordan soqit qilmagan holda quyidagilarni keltiramiz.

Yuqorida aytganimizdek, shaxmat shaxsda nafaqat mantiqiy fikrlashni rivojlantiradi, balki unga ruhiy holatni boshqarish, xatolarni tan olish, oldindan koʻra bilish, masʼuliyatni oʻziga qabul qilish va soʻzsiz muloqotni ham oʻrgatadi.

Masalan, shaxmatda eng asosiysi — tashqaridan qarab oʻylash qobiliyatidir. Zero, bu oʻyin voqealar rivojini ilgariroq sezish, raqibingiz nimani oʻylayotgani va xohlayotganini oldindan bilish, u ushbu yoki boshqa yurishni nima uchun qilayotganini tushunishni talab qiladi. Bunday fazilatni tezda egallab boʻlmaydi, albatta. Oʻz navbatida, shaxmat odamni oʻylab ish qilish, diqqatni jamlashga chorlaydi. Boisi unda eng kerakli paytda yuqori darajadagi konsentratsiyani koʻrsata olgan yutadi.

Gap shundaki, shaxmat oʻynayotganda boshqa narsalar haqida oʻylash juda qiyin. Chunki u paytda miya faqat partiyaga oid tafakkur, gʻoya va variantlar bilan band boʻladi. Mazkur jarayonga shoʻngʻish esa oʻyinning ustun jihatlaridan biridir. Bu esa ayfonlar, internet tarmoqlari hukmron bugungi davrda nihoyatda muhim, deb oʻylayman. Sababi hozir biz doim chalgʻib yuramiz, bir vaqtning oʻzida 2-3 ta ishni qilishga urinamiz. Amalda esa ularning birortasini yakuniga yetkaza olmaymiz. Shaxmat esa bunga yoʻl qoʻymaydi — chalgʻidingizmi, yutqazasiz. Demak, u diqqatni jamlash rohatini beradi. U bilan bir, ikki, uch soat mashgʻul boʻlsangiz, barcha narsani unutasiz-u, goʻyo yangilangan dunyoga tushib qolgandek boʻlasiz.

Oʻz navbatida, shaxmat cheklangan vaqt ichida qaror qabul qilishga oʻrgatadi. Siz oʻzingizga berilgan muddatda eng optimal yechimni topishingiz kerak. Masalan, bir daqiqa ichida juda koʻplab omillarni baholab, eng toʻgʻri yoʻldan yurishingiz shart — kechiktirishga haqqingiz yoʻq. Bunday qobiliyat esa hayotda ham yordam beradi.

Ideallik emas, ammo unga olib boruvchi yoʻl

Shaxmat oʻyini asnosida yana bir yaxshi fazilatga ega boʻlasiz. U barkamollikka intilishdir. Misol uchun, siz bellashuvda gʻalaba qozonishingiz, ammo undan qoniqmasligingiz mumkin. Bu ham aslida oʻyin bilan bogʻliq doimiy refleksiyadir. Chunki borgan sari insonda asosiysi gʻalaba emas, balki yaxshi oʻynashga boʻlgan intilish kuchayib boraveradi.

Chiroyli oʻtkazilgan bahs, u xoh durang va hatto magʻlubiyat bilan tugasa ham, kishiga baʼzan gʻalabadan koʻra koʻproq huzur, ichki qoniqish, intellektual “desert” baxsh etishi mumkin.

Shatranj, oʻz navbatida, stressga nisbatan chidamli boʻlish layoqatini shakllantiradi. Shunday damlar boʻladiki, siz uzoq vaqt sovuqqonlikni saqlab turishingiz shart. Sababi bellashuvda doim ham hammasi rejadagidek ketmaydi. Boz ustiga, raqibning rejasi siznikiga nisbatan muvaffaqiyatliroq boʻlishi, u siz kutmagan biror yangilikni oʻylab topishi ham mumkin. Mana shunday holatdan chiqib ketish uchun haqiqiy iroda kerak boʻladi.

Aytish joizki, hayot ham shaxmat kabidir. Zotan, turmushda ham aynan ruhiy zarbalarga chidamli boʻlish, tushkunlikni yengib chiqish yoki uni chetlab oʻtish, “yiqilganda” yana oʻrnidan tura olish kuchli insonlargagina xosdir. Shaxmat insonda ana shu jihatlarni toblaydi. Hayot sinovlarida boʻlgani kabi, shaxmat taxtasi ustida ham oʻyin oʻz rejasi asosida ketmayotganini koʻrgan odamlarda oʻzini yoʻqotib qoʻyish holati tez-tez kuzatiladi. Taxtada nima boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzini dadil va tetik tutib, tushkunlikka yuz tutmaganlarda esa yutuqqa erishish imkoniyati katta boʻladi.

Yana bir tomoni: shaxmat oʻyini davomida raqiblar oʻrtasida soʻzsiz muloqot kechadi. Bu esa aktyorlik mahoratini

talab qiladi. Chunki siz oʻz his-tuygʻularingiz, nimani oʻylayotganingizni qarama-qarshi tarafga bildirib qoʻymasligingiz kerak.

Shaxmatning eng katta foydasidan biri, bu, magʻlubiyatni munosib qarshi olish, undan oqilona xulosa chiqarishga undashiga borib taqaladi. Dastlab yutqazib qoʻyganingizda, “raqibdan koʻra intellektual darajam past ekan”, deb oʻylab qolasiz. Bu, juda yoqimsiz tuygʻu, shunday emasmi?

Aslida esa bu hisni unutish va yengib oʻtishning oʻzi katta sanʼatdir. Bu layoqatni egallash ichki jarayonlarni boshqarishda juda foydalidir. Natijada sizda “inson yiqiladi, ammo asta-sekin oʻziga keladi va qaddini rostlab, yana kurashda davom etadi”, degan prinsip shakllanadi.

Shaxmatning boshqa bir omili ham borki, u tom maʼnoda ibratomuz. Yaʼni shaxmatda aybni birovga agʻdarish qiyin, xatoni tashqaridan emas, oʻzidan izlash ustuvordir.

Vaholanki, azal-azaldan, ayniqsa, bugungi oʻzgarishlar paytida xatoni oʻzidan emas, oʻzgalardan izlaydiganlar hali-hanuz koʻp uchrayapti. Masalan, kimdir ota-onasi notoʻgʻri tarbiya berganini, boshqa birov esa maktabda yaxshi oʻqitishmagani va hakozo haqida gapirganini koʻp eshitganmiz. Shaxmatda esa unday emas — partiyani oʻzing oʻynadingmi, natijaga ham oʻzing javobgarsan!

Oʻz kamchiliklari ustida ishlash — intellektual va ruhiy jihatdan takomillashib borish, xolis boʻlish demakdir.

Jahon chempioni Aleksandr Alyoxin bejiz “shaxmat halollikni oʻrgatadi”, demagan edi. Komillikka intilishning dastlabki qadamlari ham aslida mana shunday boshlanadi.

Buni qarangki, shaxmat bilan doʻst tutinganlarning koʻpchiligi boshqa sport turlari bilan ham shugʻullanadi, koʻp kitob oʻqiydi, zararli odatlardan voz kechadi, eʼtiqodi butun boʻladi.

Eng asosiysi, oʻz ustida tinimsiz ishlaydi, oʻzligini anglab yetishga harakat qiladi.

Uchtasi bittada uygʻunlashgan yoki Alsgeymerning universal dushmani

Xoʻsh, mana shunday jihatlarga ega shaxmat sportmi, ilmmi yoki sanʼat?

Bu aslida aniq javobsiz abadiy savol boʻlsa kerak.

Fikrimizcha, haqiqiy shaxmatchi har uchalasini oʻzida uygʻunlashtira olishi kerak. Debyutga tayyorgarlik koʻrish, rejalar tuzish, gʻoyalarni topish va pozitsiyalarni egallashda ilm qoʻl keladi. Chunki bu matematik aniqlikni talab qiladi.

Shaxmat sport hamdir. Boisi, masalan, olti soat ichida deyarli qimirlamay, sabr bilan masalani yechish juda qiyin. Boz ustiga, tanada yuqori darajadagi adrenalin va ruhiy “vajohat” kezib yuradi. Hissiy holat juda baland boʻlsa-da, harakatlana olmasang, qiyin-da. Masalan, futbolda hayajonlar harakat orqali chiqarib yuboriladi. Shaxmatda esa bunday emas. Buni gipodinamik yuklanish deyishadi. Yaʼni hammasi siyratda roʻy beradi, harakat esa cheklangan va tuygʻularni fizika bilan chiqarib yuborishning iloji yoʻq.

Oʻyinchi koʻplab shubha-gumonlar, gʻoyalar va rejalarni bir vaqtning oʻzida oʻylashi, hech narsani koʻzdan qochirmay, variantlarni aniq belgilab olishi qatorida ijod ham qilishi lozim. Demak, shaxmat sanʼatdir. Chunki siz har bir partiyada “ilhom parilari” uchib yurgan navbatdagi nomaʼlum, biroq nihoyatda bepoyon hududga tushib qolasiz. Rejalarni qurish, gʻoyalarni birlashtirish, ularni tatbiq etish va natijasini baholashning oʻzi katta mahorat talab qiladi. Bu, taʼbir joiz boʻlsa, xuddi yangi Mona Lizani chizish, Shashmaqomni qayta yaratish, dizel dvigatelini boshqatdan yasash jarayoniga oʻxshaydi.

Hammasi ssenariy boʻyicha ketayotgandek boʻladi, biroq yakunni siz bilmaysiz, koʻrmaysiz.

Shaxmatni salomatlik garovi, desa ham boʻladi. Bu, asosan, yoshi kattalar uchun mos gapdir. Sababi “aql gimnastikasi”ning keksalar uchun eng katta afzalligi, bu Alsgeymer kasalligiga qarshi kurashishda yordam berishidir. Olimlar buni amalda isbotlashgan. Qolaversa, u arifmetik masalalarni yechishdan koʻra foydaliroq va zavqliroqdir.

Uni hamma oʻynashi mumkin, u universaldir. Shaxmat uni kasb qilganlar uchun ham, kasb qilmaganlar uchun ham, yuqorida aytganimizdek, bir nechta maqsadlarga

xizmat qila oladi. Fikrlar, his-tuygʻular, xayollar olamiga gʻarq boʻlish, boshqa reallikda oʻzini sinab koʻrish, hayot tashvishlaridan chalgʻish, xotirani charxlash...

U insonda qator fazilatlarni shakllantiradi — sabr-toqat, iroda, qatʼiyat, jurʼat, hurmat, barkamollikka intilish, kamsuqumlik, halollik va hokazo. Oʻz navbatida, oʻyin, gʻalaba, qiyin vaziyatlardan chiqib ketish rohatini beradi.

Buni boshidan oʻtkazganlar juda yaxshi biladi...

Har qanday vaziyatda ham xizmatga tayyor

Qarangki, pandemiya paytida ham shaxmat koʻpchilik uchun qoʻl kelmoqda. Koronavirus sabab joriy etilgan cheklov choralari koʻpchilikni qiynab qoʻygani, uyida qoldirgani, yolgʻizlatib, zeriktirib yuborgani bor gap. Mana shunday paytda odamlar vaqtini oilasiga, farzandlariga, kitob oʻqish, internetda sayru sayohat qilish, kino koʻrish va boshqa mashgʻulotlarga bagʻishlab kelgani-yu, kelayotgani sir emas. Eʼtiborlisi, bu davrda shaxmat taxtasi qarshisida oʻtirganlar, dona surishni oʻrganishni istaydiganlar soni ham koʻpaydi.

Yaqinda premyerasi boʻlib oʻtgan “Qirolichaning yurishi” serialidan keyin global tarmoqda “shaxmat” soʻzi bilan bogʻliq qidiruvlar ikki barobar oshib ketgani, AQSHda shaxmat taxtalari savdosi 125 foizga oʻsgani ham bunga bir misoldir.

Toʻgʻri, “tojdor yov” hujumiga qadar ham mazkur sport turi dunyoga dongʻi ketgandi. Faqat karantin davrida kamdan-kam mashgʻulotlar qatori shaxmat boʻyicha xalqaro musobaqalar, olimpiadalar aslo toʻxtab qolgani yoʻq. Sababi shaxmatni boshqa bir qator sport turlaridan farqli ravishda uni uydan chiqmasdan, onlayn oʻynasa ham boʻladi.

Yevropa parlamenti ham aynan shaxmat odamlarda pandemiyada tushkunlikdan chiqib ketishda yaxshi vositaga aylanganini eʼtirof etib, har qanday vaziyatda ham insonni irodali boʻlish, tafakkur qilishga undash xususiyatini ijobiy baholaganining boisi ham shunda. Binobarin, bugungi kunda shaxmatning shaxsdagi kognitiv (anglab yetish) qobiliyatga taʼsirini oʻrganish boʻyicha izlanishlar koʻpayib boryapti.

Soʻnggi tadqiqotlarda ham shaxmat maktab oʻquvchilarida intellektual salohiyat, nutq ravonligi va fanlar, ayniqsa, matematikada akademik oʻzlashtirishni oshirishi yana bir bor isbotlandi.

Qolaversa, shaxmatchi bolaning aqli boshqa sport turi bilan shugʻullanayotgan tengdoshlariga nisbatan tezroq rivojlanadi, fanlarni yaxshi oʻzlashtiradi. Va eng muhimi, balki u mohir shaxmatchi boʻlmas, lekin boshqa sohalarda muvaffaqiyatga erishishi aniq.

Oʻzbekiston isteʼdodlar mamlakati

Yurtimizda tafakkuru mushohadaga yetaklovchi aql gimnastikasi sanalgan shaxmatni rivojlantirishga, ommalashtirishga boʻlgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Bosh vazir oʻrinbosari mamlakatda ushbu sport turini ommalashtirish, uning nufuzini oshirish, aholi orasida keng targʻib qilishga bevosita masʼul etib tayinlanganining oʻzi koʻp narsani anglatadi. Xalqaro musobaqalarda zafar quchayotgan sportchilarimiz moddiy-maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirib kelinyapti.

Shu yil 14-yanvar kuni qabul qilingan “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bu yoʻldagi ezgu saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz. Zotan, unga muvofiq respublikada shaxmatni 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi. Bundan koʻzlangan maqsad — yurtimizda shaxmat bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini 3 foizga yetkazishdir.

Oʻz navbatida, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab 150 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabining oʻquvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitishni tashkil qilish amaliyoti kengaytirilib, yana qoʻshimcha 150 ta maktab (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) 10 tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 15 tadan maktab shaxmatga ixtisoslashtiriladi.

Tegishli mingta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2, 3 va 4-sinf oʻquvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida 18 soatlik reja asosida shaxmatga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi hamda ularga metodik yordam koʻrsatiladi. Qolgan barcha maktablarning 2, 3 va 4-sinf oʻquvchilari “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga oʻqitiladi. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining

Fargʻona filialida shaxmat boʻyicha taʼlim yoʻnalishi ochiladi. Joriy yildan boshlab har yili bir oy davomida maktablarda “Shaxmat oyligi” tashkil etiladi.

Qolaversa, har yili anʼanaviy tarzda Toshkent shahrida Prezident sovrini uchun, oʻzbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bagʻishlangan, shaxmat boʻyicha XVII Jahon chempioni Rustam Qosimjonov, dunyoning eng yosh grossmeysteri Javohir Sindorovning xalqaro turnirlari oʻtkazib kelinadi. Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi”, Xiva shahrida “Al-Beruniy”, Qarshida shaxmat fidoyisi Ismat Shukurov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro shaxmat musobaqalari, Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi” uyushtiriladi. Bunday ezgu anʼanalar respublikamizning barcha shaharu qishloqlarida kengayib borishi, shubhasiz.

Shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga koʻmak berish maqsadida Oʻzbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ayni chogʻda shaxmat boʻyicha musobaqalar va turnirlarni onlayn oʻtkazish platformasi (www.uzchess.uz), shuningdek, tahsil olayotgan oʻquvchilar va talabalar hamda oʻqituvchilar, trenerlar va mutaxassislarning yagona elektron bazasi yaratiladi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shaxmat boʻyicha toʻlov-shartnoma asosida qisqa muddatli kurslarni joriy qilish, tegishli oʻquv dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash ustida ishlar olib borilayotgani ham eʼtiborga molik.

Oʻz navbatida, umumtaʼlim maktablarini zarur anjomlar, yaʼni magnitli doska, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqalar bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda hamda ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun byudjetdan 2021-yil uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan 10 milliard soʻmgacha mablagʻlarni yoʻnaltirish koʻzda tutilyapti.

Yozgi taʼtil paytida mahalla bolalari oʻrtasida “Mahalla kubogi” shaxmat musobaqalari, may — iyul oylari davomida “Shaxmatchi oila” turnirini oʻtkazish rejalashtirilyapti. Bularning barchasi mamlakatimizda shaxmatni yangi darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.

Oʻnning qirqinchi darajasi: muvaffaqiyatga erishish yoʻllari cheksizdir

Toʻgʻri, kimlar uchundir shaxmat bir qarashda oddiy, sodda qoidalarga ega oʻyindek tuyulishi mumkin. Har bir figura bitta sxema boʻylab yursa, oʻz vazifasini bajarsa, shaxmat doskasi ham kichkina boʻlsa, u yerda, bor-yoʻgʻi, 64 ta katak boʻlsa, buning nimasi qiyin, deydiganlar ham topilishi rost.

Aslida unday emas. Buning murakkabligi va turfa xilligini bir raqam misolida tushuntirib berish mumkin.

1950-yilda amerikalik matematik Klod Shennon shaxmatda noyob kombinatsiyalar soni qancha ekanligini hisoblab chiqqan ekan. Uning aniqlashicha, bu miqdor 10120 ga teng boʻlgan. Zamondosh matematik Jeyms Graym esa faqat oqilona va muvaffaqiyatga yetaklovchi strategiyalarnigina inobatga olib, variantlarni 1040 tagacha kamaytirgan.

Bu, bor-yoʻgʻi, 64 oq-qora kvadrat ustidagi imkoniyatlardir. Endi hayot deb atalmish ulkan makonni tasavvur qiling! U yerda aqlni ishlatib, halollik bilan yutuqlar sari yetaklovchi yoʻllar beadaddir.

Shennonning aytishicha, shaxmatchi har bir yurishida 30 ta ehtimoliy yoʻldan birini tanlaydi va har gal shunday boʻladi. Boz ustiga, bu paytda u nafaqat oʻz taktikasi haqida oʻylashi, balki oʻzi kabi 30 ta variantdan birini tanlashi mumkin boʻlgan raqibining yurishini ham oldindan koʻra olishi kerak. Agar oʻyin oʻylanganidek ketmasa, u holda strategiya oʻzgarib, yuqoridagi aqliy operatsiyalarni yangidan boshlashga toʻgʻri keladi. Qolaversa, oʻyinchi butun bahs davomida figuralar qiymatini hisobga olishi lozim. Masalan, bitta piyodaning nominal qiymati bitta, toʻraniki beshta piyodaga teng boʻlsa, qirol bebahodir. Ammo bu faqat boshlangʻich koʻrinishdagi doska uchun xosdir. Figuralar oʻrin almashishi bilan ular nazorat qilayotgan maydonlar soni, demak, qiymatlar ham oʻzgarib boraveradi.

Koʻryapsizmi, bir qarashda oddiy taxta ustidagi donalar nimalarga qodir!..

Hayot ham xuddi shaxmatga oʻxshaydi. Faqat unda “piyoda” yoki “farzin” boʻlish, hatto “piyoda”likdan “farzin”likka qadar jadal chiqib borish har kimning oʻz qoʻlidadir. Bundan ham muhimi, taxta ustida dona boʻlgandan koʻra, ularni mahorat bilan boshqara oladigan shaxmatchi, iloji boricha, grossmeysterga aylanishga doim intilish kerak. Buning kaliti esa bilim va tafakkurning soʻngsiz sarhadlarida toʻxtamay olgʻa yurishdadir. Yoshlarimiz, umuman, barchaning baxtiga Oʻzbekistonda buning uchun imkoniyatlar eshigi ochiq.

...Shaxmat taxtasi esa sizga doim muntazirdir.

Bakridin Zaripov, Samarqand davlat universiteti professori, akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?