Tadeush Bodio: Oʻzbekiston Prezidenti inqiroz sharoitida mamlakatni boshqarish qobiliyatini namoyish etmoqda

20:27 11 Sentyabr 2020 Siyosat
355 0

Varshava universiteti qoshidagi Siyosatshunoslik institutining Sharqshunoslik fakulteti rahbari, professor T.Bodio ilmiy-tadqiqot ishlari yakuni boʻyicha “Marshalek” xoldingi tomonidan chop etilgan “Nowa polityka Wschodnia“ (”Yangi Sharq siyosati“) toʻplamida ”Oʻzbekiston: davlat toʻliq qayta qurish jarayonida“ sarlavhali maqolasini eʼlon qildi. Bu haqda ”Dunyo” AA xabar berdi.

Muallif oʻz izlanishlarida 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini chuqur va obyektiv tahlil qilgan.

Polshalik mutaxassis islohotlar meʼmori – Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faoliyati ushbu jarayonda hal qiluvchi rol oʻynaganini qayd etadi. Davlatimiz rahbari siyosati va u tomonidan olib borilayotgan islohotlar transformatsion yetakchilik modeliga mos kelishi taʼkidlangan. U davlat rahbari vatanparvarlik ruhidagi islohotlarni amalga oshirayotganini qayd etib, jamiyat kutgan umidlar ekanini bildiradi. Shu bilan birga, ushbu jarayon yuqori masʼuliyatga ega ekanini aytadi.

Muallif Oʻzbekistonda ijtimoiy hayotning barcha muhim sohalariga taʼsir koʻrsatgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar haqida yozadi. U islohotlardan koʻzlangan maqsad – zamonaviy standartlar va koʻp millatli Oʻzbekiston fuqarolari manfaatlariga toʻliq mos keladigan model asosida davlat qurish, ekanini taʼkidlaydi.

“Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasiga ham mos keladigan ushbu islohotlar Yevropa Ittifoqi bilan Oʻzbekiston oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida keng qamrovli bitim tuzish boʻyicha muzokaralar uchun turtki boʻldi”, deydi muallif.

T.Bodio Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar faoliyati natijalari Oʻzbekiston jamiyatida keng eʼtirof etilayotganini taʼkidlaydi. Shuningdek, polshalik ekspert ilmiy izlanishlari xulosasida xalqaro ekspertlar hamjamiyatining baholarini ham keltiradi: “Strateg East” markazining (Vashington) SSSR qulaganidan keyin uning oʻrnida tashkil topgan mamlakatlarda huquqiy davlat va iqtisodiy oʻzgarishlarga 2018-yilda bergan yuqori bahosi; “The Economist“ nashrining 2019-yil dekabrda mamlakatdagi oʻzgarishlar va yangi hukumat intilishlarini inobatga olib, Oʻzbekistonni ”Yil mamlakati“ deb topgani; Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil boshida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tomonidan ”Turk dunyosi”ning tiklanishiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun mukofoti bilan taqdirlangani shular jumlasidan.

Muallifning fikriga koʻra, bu Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan boshlangan islohotlarni amalga oshirishda, birinchi navbatda, hokimiyatni taqsimlash tamoyillarini takomillashtirish va byurokratiyani qisqartirish, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni liberallashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilinishini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari faoliyati, qonun ustuvorligi va xizmatlar faoliyati, jamoat tartibi, moliyaviy siyosat sohasida yutuqlarga erishilganining dalilidir.

Siyosatshunosning taʼkidlashicha, Harakatlar strategiyasi qabul qilinishidan oldin xorijiy institut va ekspertlar bilan keng koʻlamli maslahatlashuvlar oʻtkazilgan. Chuqur inqirozning oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlari va mamlakatda toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hisobga olgan holda ushbu hujjatning ishlab chiqilgani Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Polshalik mutaxassis tahlilida aks etgan yana bir muhim hujjat bu – 2017-yilda boshlangan islohotlarni davom ettirishga qaratilgan va yetti ustuvor yoʻnalishdan iborat, 2019-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi. Islohotlarning asosiy maqsadi, muallifning fikriga koʻra, Oʻzbekistonni dunyoning yuqori darajada rivojlangan davlatlari qatoriga kiritishdir.

Professor T.Bodio soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar asosiy natijalarini tahlil qilar ekan, davlat bilan jamiyat oʻrtasida oʻrnatilgan muloqot hukumatga boʻlgan ishonchni kuchaytirish, byurokratiya va korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga turtki berganini aytadi. Shuningdek, hokimiyatning ochiqligini taʼminlash, davlat boshqaruvi islohotlarini samarali amalga oshirish, inson resurslarini yana-da kuchaytirish, maʼmuriy-taqsimotni qayta koʻrib chiqish, davlatning iqtisodiyotdagi monopolistik tutumini cheklash va bozor mexanizmlarini joriy etishga imkon yaratgani qayd etiladi.

Taraqqiyot quyidagi yoʻnalishlarda qayd etiladi: qonunchilik va institutlarni bozor iqtisodiyoti standartlariga moslashtirish; boshqaruv tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish; iqtisodiy monitoring va statistika xizmatlarini qayta qurish; mahsulot va xizmatlarning toʻliq huquqli bozorini yaratish; byudjet mablagʻlarini taqsimlashni maqsadli tashkil qilish; xalqaro moliya bozori bilan integratsiyalashuv; bank tizimini qayta qurish va diversifikatsiya qilish; milliy valyutani konvertatsiya qilish; chet el investitsiyalari uchun qulay sharoit yaratish; narxlarni erkinlashtirish va soliq tizimini soddalashtirish; soliq tizimi hamda xizmatlarini takomillashtirish; mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda taʼlim tizimini isloh qilish; xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy hamda kasbiy faollashtirish; aloqa va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish; korrupsiyani tugatish; tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish; kredit siyosatini takomillashtirish.

Tahlillarda, Oʻzbekiston investitsiya uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha dunyoning eng yaxshi oʻnta davlati qatoriga kirgani, Jahon banki hisobotiga koʻra, “Doing Business” reytingida Oʻzbekiston 190 mamlakat ichida 69-oʻringa koʻtarilganiga yuzasidan fikrlar ham keltiriladi.

Polshalik mutaxassis tashqi siyosatdagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, mamlakatni “yakkalash" (izolyatsiya)dan bosh tortib, davlatning globallashayotgan dunyo uchun ochilishini bu sohadagi tub burilish, deb ataydi. Oʻzbekistondagi joʻshqin faoliyat, mintaqada hamda xalqaro maydonda ishonch va mamlakat obroʻsini mustahkamlash siyosatining ijobiy samarasi qayd etildi.

“Jahon va mintaqaviy kuchlar bilan hamkorlik muvozanatli, davlat manfaatlariga javob beradigan tarzda olib borilmoqda, qator xalqaro sheriklar bilan tijorat va investitsiyalar sohasida hamkorlik muvaffaqiyatli davom etmoqda. Qoʻshni davlatlar bilan konstruktiv siyosiy muloqot oʻrnatish, chegaralarni delimitatsiya qilish, aholi migratsiyasi, tranzit yoʻllarining logistika masalalari, energetika, ekologiya va suv taʼminoti bilan bogʻliq tarixiy kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan mojarolar va ziddiyatlarni bartaraf etish – Osiyo integratsiyasi uchun qulay boʻlgan siyosiy muhit oʻzgarishiga va mintaqa rivojlanishini oshirishga taʼsir qilmoqda”, deya baholaydi mutaxassis.

Muallif Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan siyosatning mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida qayta koʻrib chiqilishi natijasida amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasining sezilarli foyda keltirishiga ishonch bildiradi. Uning fikriga koʻra, soʻnggi yillardagi mintaqaviy hamkorlik natijalari Oʻzbekiston rahbari tomonidan ishlab chiqilgan “Hamkorlik raqobatdan yaxshiroq” shiorining toʻgʻriligini tasdiqlaydi.

Shuningdek, u Polsha Oʻzbekistondagi islohotlarga ijobiy munosabatda boʻlib, iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotganini taʼkidlaydi. 2019-yilda oʻzaro mahsulot ayirboshlash hajmi deyarli 120 foizga oʻsib, pandemiya sharoitiga qaramasdan, savdo aylanmasi 2020-yilning birinchi yarmida 131,8 foizga oʻsganini mamnuniyat bilan qayd etadi. Mamlakatlar oʻrtasida diplomatik, shuningdek, taʼlim, fan, turizm va sogʻliqni saqlash sohalarida ikki tomonlama hamkorlik faollashgani aytiladi.

Muallif Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan oʻzgarishlar tahlilini sarhisob qilib, mamlakat Prezidenti oʻz harakatlari bilan mustaqil Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochganini maʼlum qiladi.

“Davlat rahbari oʻz faoliyatini mamlakat oldidagi xizmati sifatida qabul qiladi. Bu kelajakka qaratilgan islohotlarni amalga oshirishga boʻlgan qatʼiyatdan dalolat. Prezident ijro hokimiyatidagi kamchiliklar, islohotlarni kechiktirgani uchun davlatning yuqori mansabdor shaxslariga tanqidiy fikrlarini ochiq bayon qiladi. U inqiroz sharoitida boshqarish qobiliyatini namoyish eta olgan, odamlar va ular muammolariga ochiq munosabatda boʻlgan tizim rahbaridir”.

Maqola muallifining taʼkidlashicha, mamlakat Prezidenti zamonaviy boshqaruv tizimini yuqori baholab, “Raqamli Oʻzbekiston” konsepsiyasini amalga oshirmoqda. U Oʻzbekistonni oʻzgartirmoqda, davlat hokimiyatiga boʻlgan ishonchni tiklashga va jamiyat subyektivligi chegaralarini kengaytirishga katta ahamiyat beryapti. Davlat rahbari siyosiy marketing afzalliklarini qadrlaydi, oʻz mamlakatining xalqaro maydondagi obroʻsi haqida qaygʻuradi.

Muallif haqida qisqacha: Tadeush Bodio falsafa doktori, 2009-yildan buyon Varshava universiteti qoshidagi Siyosatshunoslik institutining Sharqshunoslik fakulteti rahbari. 2005-2008-yillarda Sharqshunoslik loyihasini boshqargan. Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida siyosiy fanlar nazariyasi va metodologiyasi, siyosat psixologiyasi, transformatsiya nazariyasi hamda amaliyoti boʻyicha mutaxassis.

U Oʻzbekistonda ham maʼruzalar qilib, maslahat uchrashuvlari oʻtkazgan. Polsha hukumatining Oʻzbekistondagi stipendiantlari diplom ishlarining ilmiy rahbari. Oʻzbekistonlik qator nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasiga nomzodlar taqrizchisi. Xalqaro konferensiya va ilmiy seminarlar, shu jumladan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va Orol dengiziga bagʻishlangan Polsha – Oʻzbekiston konferensiyalari tashkilotchisi va hamkori. 2013-yildan beri “Demokratlashtirish va inson huquqlari” (Oʻzbekiston) jurnalining tahrir kengashi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?