“Tadbirkorning mablagʻi qaytariladi” — “Xalq soʻzi” saytida eʼlon qilingan maqolalarga MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi munosabat bildirdi

17:45 07 Oktyabr 2021 Jamiyat
474 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 23-sentyabr kuni saytimizda “MIB xodimining harakati tufayli qashqadaryolik tadbirkor 1 yilu 7 oydan buyon oʻz mablagʻini erkin tasarruf qila olmayapti” sarlavhali va 7-oktyabr kuni “MIB sud qarorini bajarmasa, dardimni kimga aytay? — qashqadaryolik tadbirkor” sarlavhali maqolalar eʼlon qilgan edik.

Mazkur maqolalarda keltirilgan holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan munosabat bildirildi.

Aniqlanishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 25.02.2019-yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJdan undiruvchi “TELECON ENGINEERING” MCHJ foydasiga jami 59.770.951 soʻm undirish haqidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Qarshi tuman boʻlimi ish yurituviga 25.03.2019-yilda kelib tushgan boʻlib, qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ maʼmuriyatiga ijro hujjati talabini ixtiyoriy ravishda bajarishi uchun 15 kunlik muhlat berilgan.

Davlat ijrochisining 17.03.2019-yildagi “qarzdorning barcha hisob raqamlaridagi pul mablagʻlarini xatlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan qarzdorning ATB “Xalq banki” Beshkent filialidagi hisob raqamlariga band solingan va inkasso topshiriqnomasi qoʻyilgan.

Davlat ijrochisining 03.05.2019-yildagi “Maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisida”gi qarori bilan qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ rahbari Sh.Raximovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 1981-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari yaʼni 2.027.300 soʻm miqdorida jarima solingan.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJga tegishli boʻlgan Qarshi tuman, Ravot MFY hududida joylashgan “Mebel ishlab chiqarish ustaxonasi, savdo doʻkoni va avtosalon binosi” roʻyxatga olinib, xatlangan va “Ye baholash” MCHJning 17.12.2019-yildagi xulosasiga koʻra, davlat ijrochisi tomonidan xatlangan “Mebel ishlab chiqarish ustaxonasi, savdo doʻkoni hamda avtosalon” binosi jami 105.941.000 soʻmga baholangan va davlat ijrochisining 20.12.2019-yildagi “Mol-mulkni elektron onlayn auksionda sotish uchun chiqarish toʻgʻrisida”gi qarori bilan koʻchmas mulk obyekti sotuvga chiqarilgan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 05.02.2020-yildagi ajrimiga koʻra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 24.01.2019-yildagi hal qiluv qarori va Toshkent shahar iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasining 27.08.2019-yildagi qarori nazorat instansiyasida koʻrilguniga qadar ijro hujjati ijrosini vaqtincha toʻxtatib turish belgilanganligi sababli, ijro harakatlari va koʻchmas mulk obyektini sotish haqidagi buyurtma ijrosini amalga oshirish vaqtincha toʻxtatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 19.02.2020-yildagi qarori bilan ijro harakatlari va koʻchmas mulk obyekti savdosi davom ettirilgan.

“Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” DUKning 04.05.2020-yildagi “Elektron-onlayn auksion natijalari toʻgʻrisida”gi OA 0403-000024-sonli bayonnomasi bilan qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ tegishli boʻlgan Qarshi tuman, Ravot MFY hududida joylashgan “Mebel ishlab chiqarish ustaxonasi, savdo doʻkoni va avtosalon binosi”ni sotib olishda fuqaro Xolyorov Zafar Ilxomovich auksion gʻolibi deb topilgan.

Shunga koʻra, davlat ijrochisining 01.06.2020-yildagi “Elektron onlayn auksionda sotilgan mol-mulkni topshirish toʻgʻrisida”gi dalolatnomasi bilan Qarshi tuman, Ravot MFY hududida joylashgan “Mebel ishlab chiqarish ustaxonasi, savdo doʻkoni va avtosalon binosi” fuqaro Z.Xoliyorovga topshirilgan.

Davlat ijrochisining 09.06.2020-yildagi bildirgisiga asosan Byuroning Qarshi tuman boʻlimi depozit hisob raqamiga mol-mulk sotuvidan kelib tushgan jami 83.905.272 soʻm pul mablagʻining 59.770.951,18 soʻmi undiruvchi undiruvchi “TELECON ENGINERING” MCHJning ijro hujjatida qayd etilgan hisob raqamiga, 1.195.420 soʻm pul mablagʻlari ijro yigʻimi uchun, 235.212 soʻmi davlat boji uchun, 4.705 soʻmi ijro yigʻimi uchun va qolgan 22.698.983,82 soʻmi qarzdor “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ hisob raqamiga toʻlab berilgan.

Davlat ijrochisining 08.07.2020-yildagi “Amalda ijro etilgan ijro hujjati boʻyicha ijro ishi yuritishni tamomlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning41-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan ijro ishi yuritish tamomlangan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudining 08.01.2021-yildagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvogar “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ raisi Sh.Raximovning javobgarlar “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” DUK, Majburiy ijro byurosi Qarshi tuman boʻlimiga nisbatan Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi DUKning 04.05.2020-yildagi elektron onlayn auksion savdosini haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvo talabi rad etilgan.

Biroq, mazkur fuqarolik ishi yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudining 27.05.2021-yildagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvogar “Beshkent tayyorlov savdo xarid baza” MCHJ raisi Sh.Raximovning javobgarlar “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” DUK, Majburiy ijro byurosi Qarshi tuman boʻlimiga nisbatan Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi DUKning 04.05.2020-yildagi № OA 0403*000024-sonli elektron onlayn auksion savdosini haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvo talabi qanoatlantirilgan va  Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi DUKning 04.05.2020-yildagi elektron onlayn auksion savdosi haqiqiy emas deb topilgan.

Ijro ishini oʻrganish davomida fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudining 27.05.2021-yildagi hal qiluv qarori qonunga zid boʻlganligi sababli Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan “Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudining 27.05.2021-yildagi hal qiluv qaroriga protest kiritish yuzasidan” 19.08.2021-yilda Gʻuzor tuman prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.

Gʻuzor tuman prokuraturasi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudining 27.05.2021-yildagi hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya tartibida protest keltirilgan.

Kelgusida Z.Xoliyorovning pul mablagʻlarini qaytarish sud tartibida hal qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?