Tadbirkorlikni rivojlantirish, odamlarni ishbilarmon qilish – asosiy maqsadimiz

15:11 25 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
583 0

Sir emaski, bundan toʻrt-besh yil avval ortiqcha qogʻozbozlik va yugur-yugurlar tadbirkorlarning turli tashabbuslari yoʻliga gʻov boʻlayotgan edi. Soʻnggi toʻrt yilda yurtimizda biznes vakillariga boʻlgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Buni hammamiz koʻrib, bilib turibmiz.

Keling uzoqqa bormay, birgina joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Oʻzbekistonda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilayotgan eʼtibor haqida toʻxtalaylik. Chunki pandemiya davrida biznes subyektlariga koʻmaklashish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Faoliyatiga pandemiya salbiy taʼsir qilgan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga joriy yil 31-dekabrgacha ayrim soliqlar toʻlanishini foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoni berildi. Shu yilning 1-iyunidan 1-sentyabriga qadar kichik korxonalar ikki turdagi — yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod qilinib, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirildi.

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Quvonarlisi, pandemiya davrida berilgan imtiyoz va yengilliklar natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobida qolgan mablagʻlar ularning faoliyati barqarorligini saqlab qolishga, iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga hamda xodimlarining ish haqlarini oʻz vaqtida berishiga moddiy asos yaratayotir.

Yana bir muhim jihat, yil boshida har bir viloyat, tuman va shahar hokimi xalqqa murojaat qilib, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq rejalarini belgilab olganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu jihatdan, ularni amalga oshirish maqsadida bu yilgi murakkab sinovlarga qaramasdan, biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun yetarli resurslar ajratilib, barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan imtiyozlar natijasida joriy yilning oʻtgan 10 oyida 78 mingta korxona tashkil etildi. Xususan, Xovos tumanidagi yangi kichik sanoat zonasida 7 ta loyihani amalga oshirilishi hisobiga 500 ta ish oʻrni yaratilib, tumanda 170 ta yangi korxona ochildi. Eng muhimi, Sirdaryo viloyatida 10 oyda 12 mingta doimiy ish oʻrni tashkil etilib, “temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning qariyb 90 foizi bandligi taʼminlandi.

Ammo tan olish kerak, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida belgilangan choralar ijrosi barcha hududlarda bir xil emas. Agar tadbirkorlar berilayotgan yengillik va imtiyozlardan samarali foydalanganda, joylarda minglab yangi ish oʻrinlari yaratilar edi, yoshlar va xotin-qizlar ishsiz qolmasdi. Taassufki, har bir hududda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katta resurslar borligiga qaramay, ular negadir ishga solinmagan. Achinarli jihati, ayrim rahbarlar bu masalaga panja ortidan qaragan.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham hokimlar va sektor rahbarlarining asosiy vazifasi va zimmasiga olgan majburiyati – yangi ish oʻrinlari yaratib, ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarish borasidagi ishlar natijadorligi koʻrib chiqildi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 4 trillion soʻm ajratish belgilangan edi. Lekin yil davomida qoʻshimcha mablagʻlar ham yoʻnaltirildi, aholi va tadbirkorlarga jami 5,2 trillion soʻm imtiyozli kreditlar berildi. Albatta, bu odamlarni tadbirkor qilish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin ifodasidir. Biroq ushbu mablagʻlarning samaradorligi qanday, ular koʻzlangan natijani berdimi, degan savol tugʻiladi, kishida. 

Yigʻilishda ayni masalalar tahlil qilinib, Shovot tumanida 26 milliard soʻm oilaviy kredit ajratilishi hisobiga bir yarim mingta ish joyi yaratilgani, yaʼni, 1 milliard soʻm kreditga 56 ta yangi ish oʻrni toʻgʻri kelgani, bu koʻrsatkich Qoʻshrabotda 57 ta, Muzrabotda 49 tani tashkil etgani taʼkidlandi.

Moliya vazirligiga yangi jalb etilgan yevroobligatsiya mablagʻlaridan 1 trillion soʻmni Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobankka oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun resurs sifatida joylashtirish vazifasi qoʻyildi. Chunki bugungi kunda tadbirkorlarning qariyb 1 trillion soʻmlik yangi loyihalari uchun kreditlarga talabi bor.

Xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻrgatish, kasbiy malakasini oshirish, mehnat qilib, yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish eng asosiy masala hisoblanadi. Bu borada kasbga oʻqish istagini bildirgan yolgʻiz va koʻp farzandli ayollar uchun tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yoʻnalishlarda kasbga oʻrgatish kurslarini tashkil etish gʻoyat muhimdir.

Videoselektor yigʻilishida Xalq bankiga xotin-qizlar tadbirkorligi uchun loyihalar tayyorlab, ularni oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni oʻrgatish hamda ayollar bilan mijozbay, mahallabay, tumanbay bevosita ishlash vazifasi yuklanishi, shak-shubhasiz, uy bekalarini oilaboshi bilan yonma-yon ishlab, oilasi daromadiga hissa qoʻshish barobarida, roʻzgʻor kam-koʻstini butlashiga zamin yaratadi.

Muxtasar aytganda, belgilab berilgan vazifalar koʻlami oʻta zalvorli. Bu biz deputatlardan hozirgi murakkab sharoitda manzilli ishlashni, har bir tadbirkor faoliyatiga uning qiyinchilik va muammolarini tushungan holda koʻmakchi boʻlishni taqozo etadi. Shunday ekan, qoʻyilgan vazifalarning oʻz vaqtida ijro etilishi, ayniqsa, tadbirkorlik rivoji uchun hammamiz masʼul boʻlishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz ham tadbirkorlikni rivojlantirish, odamlarni ishbilarmon qilishdan iboratdir.

 Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?