Tadbirkorlik Qashqadaryoni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishi etib belgilandi

15:34 13 Noyabr 2020 Siyosat
426 0

 

Qarshi shahrida oʻtgan yigʻilishda Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan oʻzgarishi shart. Buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uygʻonishi kerak, – dedi Prezident.

Hokimlarning takliflari va viloyatdagi muammolarning tahlilidan kelib chiqib, tadbirkorlik asosiy yoʻnalish etib belgilandi. 2021-yil Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish yili deb eʼlon qilindi. Bu borada manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarga vazirlar, tarmoq va banklar rahbarlari biriktirildi.

Davlatimiz rahbari bugungi bozor talabi va “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini taʼkidladi.

Xususan, Yakkabogʻ, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. Gʻuzor va Muborak tumanlarida neft-gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari boʻyicha koʻplab korxonalar tashkil etish mumkin.

Kasbi, Nishon, Mirishkor va Koson tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirib, yirik komplekslar va kichik boʻrdoqichilik fermalari tashkil etish, ozuqa bazasi uchun yer ajratish vazifasi qoʻyildi.

Moliya vazirligiga chorvachilik uchun oʻzlashtiriladigan yer, boqilgan har bir bosh qoramol uchun subsidiya berish mexanizmini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Viloyatda 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 28 trillion soʻm boʻlgan 950 ta loyiha ishlab chiqilgan. Bu loyihalar natijasida 15 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish, yordamga muhtoj va ishsiz aholiga daromad manbai yaratish choralari koʻrib chiqildi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 50 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz aholini uy-joy bilan taʼminlash, yoʻllar, ichimlik suvi tarmoqlari qurish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasini 79 foizga, xususan, bu borada vaziyat ogʻir boʻlgan Gʻuzor tumanida 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yoshlar va ayollar manfaatlarini taʼminlash masalasi chuqur tahlil qilindi.

– Viloyatda yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Hokimlar har haftada bir kunni yoshlar bilan ishlash kuni deb eʼlon qilib, ularning muammolari bilan shugʻullanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 2 ming 815 nafar ayolning turmush sharoitini yaxshilash, ishsiz xotin-qizlarni “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida hunarmandchilikka jalb etish choralari belgilandi.

– Biz tanlagan yoʻl – mashaqqat yoʻli. Qashqadaryo boʻyicha ulkan rejalarimiz bor, juda katta mablagʻ berilyapti. Endi eng asosiy vazifa va talab – shu mablagʻni toʻgʻri yoʻnaltirib, odamlar manfaati uchun ishlatish, yaxshi sharoit yaratish, – dedi davlatimiz rahbari.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?