Tadbirkorlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan toʻla xabardorman — Prezident

11:26 20 Avgust 2021 Jamiyat
167 0

Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

«Men sizlar tomoningizdan koʻtarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan toʻla xabardorman.

Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.

Birinchi yoʻnalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bogʻliq.

Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va koʻplab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam oʻsishi hisobiga qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ogʻir yuk boʻlib turganini koʻrsatmoqda.

Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishimiz talab etiladi.

Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari asosida qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi.

Bu mablagʻlar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi», dedi davlat rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?