Tadbirkorlarga yangi tashkil etgan ish oʻrinlariga qarab soliqdan imtiyozlar beriladi

10:58 09 Fevral 2024 Siyosat
158 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʻzi”

Senatning elliginchi yalpi majlisida “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish doirasida kambagʻallikni qisqartirish hamda kam taʼminlangan oilalar aʼzolari bandligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish hamda pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik subyektlarini kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik subyektlariga ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlanishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeksda koʻzda tutilgan qoʻshilgan qiymat, foyda soligʻi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilmoqda. Jumladan:

- 51 tadan 100 gacha yangi ish oʻrin yaratilganda – uch oygacha;

- 101 tadan 200 gacha yangi ish oʻrin yaratilganda – olti oygacha;

- 200 tadan ortiq yangi ish oʻrin yaratilganda – oʻn ikki oygacha, etib ifodalandi.

Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz berilmoqda. Bunda, soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi ish oʻrinlar sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

- 51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;

- 101 dan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;

- 200 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1-yil davomida har oy mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori bir baravaridan kam boʻlmagan ish haqini toʻlab, bandligini taʼminlashi kerak.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun aholi bandligining oʻsishiga, kambagʻallikni qisqartirishga hamda kam taʼminlangan oilalar aʼzolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Abdumutalib Toyirov  / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер