“Tabarruk ziyorat” loyihasi orqali turkiy tilli xalqlarning azaliy doʻstligi yana-da mustahkamlanadi

11:45 04 Aprel 2021 Jamiyat
600 0

Doʻstlik qudratli kuchga ega. Ayniqsa, tili, dini, urf-odatlari va qarashlari bir-biriga yaqin xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik mustahkam asosga ega boʻlsa, nafaqat qardoshlik rishtalari yuksaladi balki mamlakatlar taraqqiyotiga ham ulkan hissa boʻlib qoʻshiladi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan norasmiy sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutqini tinglar ekanman, tili bir xalqlarning qalbi ham yaqin boʻlishi, til millat ruhi va qadrdonlik rishtalarining mustahkam koʻprigi ekanligi xayolimdan oʻtdi. Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan takliflar esa xalqimiz diliga tugib yurgan orzularidan biri edi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, shu maqsadda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Albatta, ziyorat turizmi tarixiy obidalar, osori atiqalar, tabarruk va tarixiy maskanlar hamda ulugʻ ajdodlarimiz qadamjolarini borib koʻrish turkiy xalqlar maʼnaviy dunyosini, diniy-axloqiy qarashlarini boyitadi, azaliy doʻstlik, qardoshlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtaradi. Shu bois men deputat sifatida sammitdan olgan taassurotlarim doirasida saylovchilarim bilan uchrashuv va muloqotlar oʻtkazdim.

Saylovchilar sammitda buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning turkiy dunyo maʼnaviy-maʼrifiy hayotiga qoʻshgan beqiyos hissasini inobatga olib, davlatimiz rahbari fan, taʼlim, adabiyot, sanʼat, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirish maqsadida Turkiy kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis qilishni taklif etganini qoʻllab-quvvatlab, bu taklif ular qalbida gʻurur va faxr tuygʻularini uygʻotganini bildirishdi.

Shuningdek, saylovchilar uchrashuvda turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hamda yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, investitsiya jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini ishga tushirish borasida kelishuvga erishilganini, mintaqamizning ulkan strategik ahamiyatga ega transport va tranzit salohiyatidan yana-da unumli foydalanishga, Osiyodagi global bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish borasida davlat rahbarlarining fikri bir joydan chiqqanini qoʻllab-quvvatlashdi.

Nargiza Salomova,
Yakkabogʻ tuman Kengashi deputati,
«Setora imkon plyus» nodavlat taʼlim muassasasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?