Suyultirilgan gaz xavfsizlik choralari koʻrilgan holda yetkazilmoqda

09:34 16 Aprel 2020 Jamiyat
1031 0

Karantin holati davom etayotgan ayni damda tibbiyot hamda ichki ishlar xodimlari bilan bir qatorda boshqa soha vakillari ham masʼuliyatni chuqur his etgan holda xizmat vazifalarini bajarishmoqda. Buni “Hududgaz Buxoro” MCHJ va uning tasarrufidagi tuman va shahargaz filiallari xodimlari faoliyati misolida ham aytish mumkin.

Viloyatda jami 168 ming 424 nafar isteʼmolchi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmoqda. Kuniga oʻrtacha hisobda 90-95 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

“Hududgaz Buxoro” MCHJ matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, suyultirilgan tegishli zavodlardan jamiyat tasarrufidagi 9 ta MAN rusumli avtotransport vositasi hamda ijara shartnomasi asosida jalb qilingan 3 ta vagon-sisternada olib kelinyapti. Ularni qabul qilish va maishiy gaz ballonlariga toʻldirib berish esa “Qorakoʻl”, “Vobkent”, “Romitan”, “Peshku”, “Gʻijduvon” gaz toʻldirish shoxobchalari hamda “Baxtli Sherzod” MCHJ gaz toʻldirish stansiyasi orqali amalga oshirilyapi. Maishiy gaz ballonlarini shoxobchalardan aholi xonadonlariga yetkazib berish uchun shahar va tuman gaz filiallari hisobidagi 43 dona ISUZU va shartnoma asosida 1 dona SHACMAN rusumli maxsus avtotransport vositasi jalb etilgan. Ularning barchasi nazorat tarozilari bilan taʼminlangan.

Viloyatdagi “Romitan” gaz toʻldirish shoxobchasi aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashda alohida oʻrin tutadi. Uning oylik gaz toʻldirish quvvati 372,5 tonnani,gaz saqlash quvvati esa 36 tonnani tashkil etadi.

-Koronavirusning metall buyumlarda uzoq saqlanishini inobatga olib, shoxobchaga olib kirilayotgan va chiqarilayotgan gaz ballonlariyu,texnikalar mukammal dezinfeksiya qilinib, nafaqat xavfsizlik talablari, balki sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya etilgan holda aholi xonadonlariga yetkazib berilmoqda,- deydi shoxobcha yetakchi mutaxassisi Feruz Norov.- Bu bizning oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifalardan hisoblanadi. Maqsadimiz aholi xavfsizligini taʼminlashdir. Shu boisdan ehtiyotkorlik choralarini yana-da kuchaytiryapmiz.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?