Suvdan foydalanish sohasidagi loyihalar taqdimot qilindi

21:56 08 Iyun 2022 Siyosat
398 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyun kuni suv omborlarini modernizatsiya qilish hamda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Daryo va soylar suvi ham qishloq xoʻjaligi, ham energetika, ham aholi turmushi uchun muhim manba. Mamlakatimizda bu qimmatli neʼmat asrab-avaylanib, xalq manfaatiga yoʻnaltirilmoqda.

Shu maqsadda 2017-yilda Prezident farmoni bilan «Oʻzbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. Oʻtgan yili yana 4 ta suv ombori ushbu jamiyat boshqaruviga oʻtkazildi va ular 6 taga yetdi. Xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda har bir suv omborining texnik holati oʻrganib chiqildi va kechiktirib boʻlmaydigan taʼmirlash tadbirlari belgilandi. Unga muvofiq, toʻgʻonlar, suv olish va chiqarish inshootlari taʼmirlanmoqda, nasos agregatlari tiklanmoqda.

Taqdimotda ushbu ishlar va oldindagi vazifalar haqida axborot berildi.

Davlatimiz rahbari barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish orqali xavfsizligini oshirish, gidromexanik uskunalar va oʻlchov qurilmalarini yangilab, tizimni raqamlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Bu orqali hamma ish jarayoni aksiyadorlik jamiyatining situatsion-tahlil markaziga onlayn ulanadi hamda yiliga qoʻshimcha 120 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yillik 22 million kilovatt soat quvvatli 2 ta yangi kichik GES quriladi.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va maʼlumotlar bilan taʼminlash topshirildi.

Kichik gidro elektr stansiyalari qurilishiga xususiy sektorni jalb qilish, oliy maʼlumotli va oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash vazifalari ham koʻrsatib oʻtildi.

Aholining hayot sifati va salomatligi omillaridan biri – toza ichimlik suvi. Lekin bugungi kunda Surxondaryo ahlining atigi 58 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan, xolos. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori yuqori.

Shu bois Prezidentimiz oʻtgan yili Toʻpalang suv omboridan tarmoq tortish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu boʻyicha loyiha ishlab chiqilib, ishga kirishildi. Bugungacha 47 kilometr quvur tortilib, ichimlik suvi Sariosiyo markazigacha olib borildi. Yil yakunigacha Denov va Shoʻrchi tumanlariga yetkazish rejalashtirilgan.

Loyihaga koʻra, bir kecha-kunduzda 200 ming kub metr suv tozalash inshooti, qariyb 400 kilometr magistral quvur tortiladi. Natijada hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash 90 foizga yetadi.

Davlatimiz rahbari buning uchun tuman va mahallalar ichidagi quvurlarni ham tiklash, yangi tarmoqlar qurish va sifatli xizmatni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер