“Suv tekin” emas

18:51 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
426 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun suv tanqisligi haqida dunyoning eng yuqori minbarlaridan turib gapirilmoqda. Uning turli mintaqalarda bosim vositasiga aylanib qolganligi ham bor gap. Shunday ekan, xalqimizning “suv tekin”, “oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq” kabi iboralari eskirdi, desak ham ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Tanqislik nafaqat ichimlik, balki ekin suvlariga ham tegishli boʻlib, mamlakatimizda suv xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya yetish, sunʼiy suv obyektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tomonidan olib boriladi.

Inspeksiyaning birgina Konimex tuman boʻlimi tomonidan joriy yilning yanvar-avgust oylarida oʻtkazilgan 112ta nazorat tadbirlarida

50 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish, 20 ta holatda esa suv obyektlarining holatiga taʼsir yetuvchi gidrotexnika ishlarini oʻzboshimchalik bilan bajarish holatlari aniqlandi.

— Yuqorida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 9ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, shu jumladan 6 nafar fuqaroga maʼmuriy asosda qabul qilingan qarorlar boʻyicha maʼmuriy jarima va 4 ta moliyaviy sanksiyalar qoʻllanildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya” Konimex tuman boʻlimi katta inspektori Ulugʻbek Toshtemirov. — Oʻz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbarlariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir yetish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida 93ta yozma koʻrsatma va 9ta taqdimnoma kiritildi.

Yurtimizda iyul-avgust oylarida har tomchi suv asalga tenglashtiriladi. Shu bois inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan mazkur oylarda 23 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari koʻrildi. Aynan bu davrdagi asosiy qonunbuzilishlar va isrofgarchilik gʻoʻza maydonlarini koʻllatib sugʻorish va sugʻorish qoidalarga amal qilmaslik, bir soʻz bilan aytganda masʼuliyatsizlik oqibatida roʻy bergan.

Misol uchun, Konimex tumani Irrigatsiya boʻlimiga qarashli “Chordara-2” arigʻi muhandis-gidrotexnigi B. B. oʻziga tegishli boʻlgan “Chordara-2” suv arigʻidagi olingan suvlarni har oʻn kunda oʻlchab borish belgilangan boʻlsada, oʻziga yuklatilgan vazifaga yuzaki yondoshganligi, suvni roslaydigan (darvoza)ni oʻzboshimchalik bilan ochib yopishi natijasida sugʻorish grafiklari buzilishiga sababchi boʻlganligi aniqlandi.

Mazkur holat boʻyicha B.Bga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima jazosi qoʻllanildi.

“Shoʻrkoʻl” hududidagi “Toʻqqiztepa” mahallasi “Momiqchi” qishlogʻida yashovchi fuqaro O.D esa oʻziga tegishli boʻlgan 1,2 gektar yer uchastkasi, yaʼni tomorqasini sugʻorish uchun Konimex kanalidan ruxsatsiz suv olganligi hamda belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtirmasdan suvdan foydalanib kelganligi aniqlanib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, 300 ming soʻm miqdorda jarima undirildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, bunday misollarni turli hududlardan keltirish mumkin. Suvdan zargarona foydalanish maqsadida mamlakatimiz miqyosida tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish usullari joriy etilib, katta miqdorda mablagʻ yoʻnaltirilayotgan bir paytda bu kabi isrofgarchiliklar nainki qonun, Yaratganga ham xush kelmaydi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?