Suv xoʻjaligi sohasida ilgari boʻlmagan loyihalar amalga oshirilmoqda

12:14 14 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
232 0

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh tumanida qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Kamalov, Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari S.Xojametov, Qishloq va Suv xoʻjaligi vazirliklari rahbarlari, tuman hokimlari, klaster tashkilotlari rahbarlari, fermerlar hamda suv tejovchi texnologiyalarning ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi, loyihalovchi va quruvchi korxonalar mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari dastlab, paxtachilikka ixtisoslashgan «TAQIYATAS TEX" MCHJ dalasida suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish boʻyicha ayni kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar, tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdilar.

Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonda agrar va suv xoʻjaligi sohasini isloh qilishga qaratayotgan eʼtiborlari, xususan, 2020-yil 5-dekabrda keyingi uch yilga moʻljallab qabul qilingan “Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori faqatgina suvchi yoki fermerlarga emas, balki, butun Qoraqalpogʻiston xalqiga koʻrsatilgan gʻamxoʻrligi ekani tadbirda alohida eʼtirof etildi.

Oʻz navbatida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish uchun har bir kun va soatdan unumli foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

— Suv xoʻjaligi sohasida ilgari boʻlmagan, keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri J.Uzaqov. — Joriy yilda Qoraqalpogʻistonda 14 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllash rejalashtirilgan. Bu, oʻz navbatida, ushbu texnologiyalarga boʻlgan talabni oshiradi. Oldin bizda shunday texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar yoʻq edi. Yangi yilning ilk kunlarida dastlabki korxona ishga tushirildi.

Biz, bu borada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, vazirlikning ishlab chiqarish va mexanizatsiya bazasi binosida “ECODRIP IRRIGATION SYSTEMS” korxonasi va bir qator hamkor tashkilotlar bilan yana bir korxona faoliyatini yoʻlga qoʻymoqdamiz. Loyihaga 4 million dollar investitsiya kiritish moʻljallangan. Natijada korxonada 50 ta yangi ish oʻrni yaratilib, tejamkor sugʻorish texnologiyalari, yaʼni tomchilatib sugʻorish uchun magistral quvurlar va ularning maxsus ulagichlari hamda hovuzlar uchun geomembranalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Eʼtiborlisi, endilikda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatishda ishlatiladigan quvurlar va boshqa qoʻshimcha uskunalarni yuz foiz Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Asosiy xomashyo, yaʼni granula ham oʻzimizda chiqadi. Koʻrgazma doirasida yangi korxona boʻyicha taqdim qilgan loyihalarimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻtgan yillardagi kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining hududlardagi tizim tashkilotlarida suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatishga koʻmaklashuvchi servis guruhlari tashkil qilindi. Ular maydonlarni loyihalash, suv keltirish va hovuz tindirgichlarni qurish, nasos agregati, filtrlari, oʻgʻit berish moslamasini montaj qilish, elektr uzatish tarmoqlarini qurish, bosh va tarqatuvchi quvurlarni hamda tomchilovchi shlanglarni montaj qilish kabi yoʻnalishlarda fermerlarga servis xizmatini koʻrsatilishlari belgilangan.

Maʼlumot uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasida tomchilatib sugʻorish uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan birinchi korxona shu yil yangi yil bayrami arafasida ishga tushgan edi. Hududda suv tejamkor texnologiyalarning tannarxini kamaytirish hamda klaster va fermerlarning belgilangan maydonlarini oʻz vaqtida tejamkor texnologiyalarni oʻrnatish maqsadida Qoraqalpogʻistonda yana bir nechta ishlab chiqarish korxonalarini ochish boʻyicha ishlar jadal davom qilmoqda

Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”
Muallif olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?