Suv keltirgan elda aziz

16:55 23 Iyul 2020 Jamiyat
238 0

Joriy yilning 10-iyulida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi Farmoni mamlakatimizda suvni boshqarish va undan foydalanish tizimi rivojida yangi davr boshlangani haqidagi muhim hujjat sifatida bizni nihoyatda quvontirdi.

Farmon bilan Osiyo Taraqqiyot banki, Shveysariya hamkorlik va taraqqiyot agentligi kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan mazkur Konsepsiya asosida 2020–2022-yillarda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlarni belgilovchi “Yoʻl xarita”si ham tasdiqlandi. Xarita sohada olib borilishi zarur boʻlgan barcha yumushlar aniq-tiniq oʻz aksini topganligi bilan bizga dasturilamal sifatida xizmat qiladi.

Dono xalqimizning “Suv keltirgan elda aziz” degan hikmatli gapini koʻp eshitamiz. Zero, hamma davrlarda ham suvni saxovatli dalalar bagʻri, bobodehqonlar ixtiyoriga yetkazib berish oson kechmagan. Yurt obodligi, dasturxonimiz toʻkinligiga sabab boʻladigan suvni boshqarish va undan tejab foydalanish ishi bir sanʼat.

Ochiq aytish kerak, men ham shu soha mutaxassisi sifatida Prezidentimiz Farmonida eʼtirof etilgan mavjud muammolarning aksariyatini ish jarayonida yuragimdan oʻtkazganman.

Buni qishloq xoʻjaligida baʼzi joylarda foydalaniladigan suv sarfining koʻpligi, baʼzi yerlarda suv taʼminoti darajasi pastligi, sugʻoriladigan yerlarning shoʻrlanish darajasini ortib borayotgani, irrigatsiya kanallari, lotoklarning eskirgani, ularni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, nasos stansiyalarining aksariyati oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgani bilan bogʻliq muammolar bilan izohlashim mumkin.

Yana, magistral va xoʻjaliklararo kanallar, sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti pastligi, suv xoʻjaligi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan jami mablagʻlarning asosiy qismi elektr energiyasi uchun sarflanishi, kichik foizigina taʼmirlash-tiklash ishlariga yoʻnaltirilishi soha rivojiga maʼlum darajada toʻgʻonoq boʻlayotgan edi. Suvchilarning oʻrtacha ish haqi 1,5 mln. soʻm ekanligi xodimlar qoʻnimsizligini keltirib chiqarardi.

Konsepsiya asosida ana shu magistral va xoʻjaliklararo kanallarda taʼmirlash va tiklash, rekonstruksiya qilish ishlari tizimli tarzda olib boriladi. Beton qoplamali kanallarning ulushi 46 foizga (13,1 ming km) yetkaziladi. Shu bilan birga 12,9 ming km. lotok tarmoqlari yangisiga almashtiriladi. Natijada sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,73 ga yetkaziladi.

2022-yildan boshlab paxta va gʻalla yetishtirishda nasoslar isteʼmol qilgan elektr energiyani Davlat byudjetidan qoplash faqat suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarga tatbiq etiladi. 2023–2025-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni nasoslar va quduqlarga bogʻlangan ekin maydonlarida joriy qilish orqali ulardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi oshiriladi.

Mutaxassislarning fikricha, Oʻzbekiston suv tanqisligiga moyil boʻlgan 25 ta davlat qatoriga kiradi. 2030-yilga borib suvning umumiy taqchilligi 2,3 barobar oshishi kutilmoqda. Keyingi 10–15 yil ichida aholi jon boshiga suv taʼminoti deyarli 2 barobar qisqaradi. Lekin suvga boʻlgan talab sanoat va energetika sohalarining suv isteʼmoliga boʻlgan talabi oʻsishi munosabati bilan 20 foizgacha oshadi.

Keltirilgan dalillardan koʻrinib turibdiki, davlatimiz rahbarining farmoni oʻz vaqtida qabul qilingan, nihoyatda dolzarb va muhim hujjat boʻldi.

Konsepsiya asosida 2020–2021-yillarda suv hisobini yuritish standartlashtiriladi hamda davlat suv kadastrini yuritish tizimi avtomatlashtiriladi. 2022-yilda suv resurslari hisobini yuritish va boshqarishning yaxlit tizimi yaratiladi. 2023–2030-yillarda 100 ta yirik suv inshootlarning boshqaruvi avtomatlashtiriladi, barcha suv oʻlchash (18 576 ) postlarida real vaqtda suvni nazorat qilish uchun “Aqlli suv” qurilmalari oʻrnatiladi, sohaga toʻliq raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali suvdan foydalanish samaradorligi 10–15 foizga oshiriladi;

Konsepsiya bilan mamlakatimiz suv xoʻjaligi sohasida koʻplab oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻladi. Sohaga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing joriy etiladi. Kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni amaliyotga tatbiq etishga eʼtibor kuchaytiriladi. Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Maʼlumki, mamlakatimiz ehtiyoji uchun sarflanadigan suvning 80 foizi qoʻshni respublikalar hududidagi togʻlarda shakllanadi. Iqlim oʻzgarishi, togʻlardagi koʻp yillik muzlarning erib borishi hisobiga suv zaxiralari kamayib bormoqda. Ana shunday sharoitda Konsepsiyada belgilangan vazifalarning ijrosini toʻliq taʼminlash, eng avvalo, suvdan samarali foydalanish va suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy etishni kengaytirish hisobidangina tanqislikning oldini olish va xalqimiz uchun obi-hayotni yetarli darajada yetkazib berish mumkin boʻladi.

Daryolar, kanallar, egatlarda quyosh nurlarini jilvalantirib oqayotgan obi-hayotdan samarali va tejab foydalanishning ana shunday oʻziga xos zahmatlari va istiqbollari bor. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon soha xodimlarini yana-da shijoatli mehnatga ragʻbatlantirib, yurtga suv keltirishdek xayrli ishlariga qanot bagʻishlaydi.

Farhod Radjabov,
Zarafshon irrigatsiya tizimlari 
havza boshqarmasi boshligʻi
(Samarqand)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?