Surxondaryoda yoshlari festivali 150 ming nafar oʻgʻil-qizlarni oʻz atrofida birlashtirdi

21:20 15 Iyun 2021 Jamiyat
996 0

Mamlakatimiz yoshlarini ezgu maqsad yoʻlida birlashtirgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostidagi yoshlar festivalining koʻtarinki shukuhi bugun Surxondaryo viloyatiga koʻchdi. Termiz shahridagi «Sanʼat saroyi» hududida 5 ta muhim tashabbusga bagʻishlangan koʻrgazma va pavilyonlar tashkil etilgan. Unda xalqimizning milliy qahramonlari hamda bugungi yoshlar hayoti, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlar, yutuq va natijalar oʻz ifodasini topgan.

Surxondaryo viloyatida 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 611 ming yigit-qizlar istiqomat qiladi. Ularning 56 ming 700 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan boʻlib, hozirga qadar 30 mingta yoshlar ijtimoiy sogʻlomlashtirish tadbirlari natijasida mazkur daftardan chiqarildi. Oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan yoshlarga 3 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.

Viloyatning 150 ming nafarga yaqin yoshlarini oʻz atrofida birlashtirgan festival tadbirlari “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bilan boshlandi. Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi” hududidagi bogʻda Surxondaryo viloyati hokimi, 1-sektor rahbari Toʻra Bobolovning yoshlar bilan motivatsion uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda birinchi sektorga qarashli Denov, Qiziriq, Bandixon, Boysun, Sherobod tumanlari yoshlari qatnashdi. Viloyat hokimi joriy yilning 1-2-iyun kunlari davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi voha jamoatchiligi uchun katta motivatsiya berganini alohida taʼkidladi. Hududni kompleks rivojlantirish, aholi bandligi, turmush farovonligini taʼminlash, bu jarayonda yosh avlod manfaatlarini toʻlaqonli himoyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doir vazifalar ijrosi izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Qayd etilganidek, 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 16 trillion 800 million soʻm boʻlgan 1 ming 177 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 25 mingta yangi ish oʻrni yaratishga erishiladi. Ayniqsa, unumdorligi past, gʻalladan boʻshagan maydonlardan sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun oʻrtacha 15-20 sotixdan 10 yil muddatgacha ijaraga yer ajratish tizimining hayotga tatbiq etilishi yoshlar bandligini taʼminlash, ularning daromad olish manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda yoshlar oʻzlarining ilgʻor, innovatsion gʻoyalarini ilgari surib, yangi taklif va tashabbuslarini bildirishdi.

Uchrashuvda eng iqtidorli, tashabbuskor talabalar uchun 1 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, shahar va tumanlar boʻyicha hokim stipendiyasi taʼsis etilishi maʼlum qilindi.

“Hokim va yoshlar” uchrashuvi yakunida eng faol yoshlarga viloyat hokimining ragʻbatlantiruvchi mukofot va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, festival doirasida boshqa viloyat sektorlari rahbarlari – viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Abduvohid Ismoilov hamda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sirojiddin Eshmatov oʻz sektorlarida istiqomat qiluvchi yigit-qizlar bilan muloqotda boʻldi.

Bugun shuningdek, “Yoshlar va tadbirkorlar uchrashuvi” yosh tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlari koʻrgazmasi, milliy xalq oʻyinlari va turli sport musobaqalari ham oʻtkazildi. Tadbir doirasida “Yosh kitobxon” koʻrik tanlovi, “Zakovat” intellektual oʻyini, baxshichilik, ot sporti, doʻppi, doʻmbira va boshqa milliy qadriyatlarimizni targʻib qiluvchi bellashuv va koʻrgazmalar oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 17-iyuniga qadar davom etadigan festival kunlari va “Yoshlar oyligi” doirasida 325 ta turli tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan.

Ilhom RAHMATOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?