Surxondaryoda OTMga oʻqishga kirish uchun 93 ming 576 nafar abituriyent test topshiradi

16:25 10 Avgust 2022 Jamiyat
302 0

Foto: Xalq so‘zi

Surxondaryo viloyatida 2022-2023 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga 93 ming 576 nafar abituriyent hujjat topshirgan boʻlib, shu kunlarda Termiz shahridagi toʻrt joyda tegishli tartibda test sinovlari oʻtkazilmoqda.

Har kuni birinchi navbatda 4 ming 20 nafar, ikkinchi navbatda 8 ming 40 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etayotir. Mazkur jarayonlarning ochiq va shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida xalq taʼlimi va oliy taʼlim muassasalarining 307 nafar rahbar va pedagog xodimlari guruh nazoratchilari sifatida jalb etilgan. Joriy yilda ilk bor eshitishda nuqsoni boʻlgan abituriyentlar uchun test sinovlarida surdotarjimonlar xizmati ham yoʻlga qoʻyildi. Jarayonlar videokuzatuv ostida test2022.uz sayti orqali onlayn translyatsiya qilinmoqda.

Davlat test markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi rahbari Yoqub Karimovning maʼlum qilishicha, bu yil test sinovlarini oʻtkazishga doir bir qancha yangi tartib va qulayliklar joriy etilgan. Xususan, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarida 90 ta test topshirigʻi uchun 3 soat vaqt beriladi. Agar abituriyentda mutaxassislik fanining bittasidan sertifikat mavjud boʻlsa yoki bitta fandan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirsa, unga 1 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Abituriyent faqat majburiy fanlar boʻyicha test sinovida ishtirok etsa, unga 3 ta majburiy fan boʻyicha 30 ta test topshirigʻi uchun 1 soat vaqt beriladi. Shuningdek, abituriyentlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida kimyo, fizika va matematika fanlarida har bir test topshirigʻidan soʻng misol ishlash uchun maʼlum miqdorda joy qoldirilgan.

Bundan tashqari abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini hamda bir vaqtning oʻzida barcha taʼlim shakllarini tanlash huquqi berildi. 5 tagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi bilan birga tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik toʻlov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish boʻyicha abituriyentlarga qoʻshimcha imkoniyatlar berilgan.

Eslatib oʻtamiz. Test sinovlari 20-avgustga qadar davom etadi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?