Surxondaryoda oltita yangi korxona ishga tushirildi

Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi “Termez National Carpets” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Korxona yiliga 2,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Belgiya, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. 150 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Mahsulotlarning qariyb yarmini eksport qilish rejalashtirilgan. Xomashyoning 80 foizi mahalliylashtirilgan. Korxona ishga tushirilgan qisqa vaqtda Ozarbayjon va Qirgʻiziston davlatlariga 255 ming dollarlik gilam va gilam mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda 4 million dollarlik mahsulotni xorijlik buyurtmachilariga yetkazib berish moʻljallamoqda.
Muhimi, korxonada muqobil energiyadan foydalanishga alohida eʼtibor berilmoqda. Hozirda tashqi va ichki yoritish tizimi uchun quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasini koʻzdan kechirdi.
Shu yerda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimi boʻldi. Termiz shahridagi “Indenim Cluster”, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Fabullo stroy servis”, Angor tumanidagi “Angor Baraka”, Termiz tumanidagi “Termiz agro impeks” korxonalari, Sariosiyo tumanidagi qurilish materiallari kichik sanoat zonasi va Toʻpalang gidro elektr stansiyasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.
Termiz shahridagi “Indenim Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati paxta tolasidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 400 ta yangi ish oʻrni tashkil etilgan.
Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Fabullo stroy servis” korxonasida yiliga 75 ming kub metr avtoklav gazoblok ishlab chiqarish oʻzlashtirilib, 80 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Angor tumanidagi “Angor Baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasida milliy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. U yerda yiliga qariyb 125 ming dona tayyor tikuvchilik, 50 turdagi milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlanib, ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi taʼminlanadi.
Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi.
“Termiz agro impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Termiz tumanida 3 ming tonna sigʻimga ega muzlatkichli omborxona, zamonaviy issiqxona barpo etilib, 220 kishining bandligini taʼminlagan.
Toʻpalang gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga yetmoqda. Bu yiliga 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.
Umuman, mazkur 6 ta korxona 2 mingta yangi ish oʻrni yaratadi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard soʻm, eksportiga 20 million dollar qoʻshiladi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring