Surxondaryoda yilning ishbilarmon ayollari aniqlandi

19:56 11 Avgust 2022 Jamiyat
345 0

Foto: Халқ сўзи

Termiz shahrida “Ishbilarmon ayol” koʻrik tanlovi oʻtkazildi. Unda tanlovning shahar va tuman bosqichida gʻoliblikka erishgan tadbirkor xotin-qizlar ishtirok edi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbir avvalida ishtirokchilar oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni namoyish etishdi.

Hakamlar hayoti tomonidan ishtirokchilarning ishlab chiqarish koʻrsatgichlari, aholi bandligini taʼminlashdagi oʻrni, ijtimoiy yoʻnaltirilgan hamda istiqbolli loyihalari atroflicha oʻrganilib, gʻoliblar nomi aniqlandi. Unga koʻra, Shoʻrchi tumanidagi “Maftuna Shoʻrchi dizayn” MCHJ rahbari Gulsara Tangirova birinchi oʻrinni, «Boysun Afruzbek» oilaviy korxonasi rahbari Xadicha Rahimberdiyeva ikkinchi, sherobodlik yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand-gilamdoʻz Shohida Hasanova uchinchi oʻringa munosib koʻrildi. Yana 5 nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Gʻoliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

— Rosti, gʻolib boʻlaman, deb kutmagandim. Juda xursandman. Bunday tadbirlar biz tadbirkorlarga ruhan madad beradi, yangi maqsadlar sari yoʻl ochadi. Toʻrt yil avval ham ushbu koʻrik- tanlovda qatnashganman. Unda korxonamizdagi ish oʻrni 61 ta boʻlgan boʻlsa, shu davr mobaynida faoliyatimizni yanada kengaytirib, mavjud ish oʻrinlarimiz 146 taga yetdi. Yaqin kelajakda yana bir necha yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidaman, — deydi koʻrik-tanlov gʻolibi Gulsara Tangirova.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan 7 yil buyon oʻtkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovi hozirga qadar mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 80 mingdan ortiq ishbilarmon ayollarni qamrab oldi. Oʻtgan yillardan farqli oʻlaroq bu yil viloyatda gʻoliblikni qoʻlga kiritganlar ham tanlovning respublika boʻyicha ham gʻoliblari deb eʼlon qilindi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?