​​​​​​​Surxondaryoda ertaki mahsulotlar eksport qilinmoqda

11:07 07 Aprel 2021 Iqtisodiyot
209 0

Surxondaryo viloyati Angor tumanida qoʻshimcha yerlarni oʻzlashtirish, shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda tumandagi “Ilgʻor” mahallasi hududida 120 gektar yerlar oʻzlashtirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov vohaga uchrashuvlari davomida mazkur hududda boʻlib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

— 120 gektar yer maydonini obodonlashtirish orqali u yerda katta bogʻ tashkil qilmoqchimiz, — deydi «Baqtriya agro tomorqa xizmati» MCHJ rahbari Islom Xudoyberdiyev. — Ayni vaqtda ekish uchun anor, archaning turli xil turidan va akatsiya koʻchatlarini olib keldik. Yerning bir qismida esa meva-sabzavot yetishtiriladi. Eng muhimi, bu yerlar ishsiz yoshlarga ijaraga berilib, ularning bandligi taʼminlanadi. Tomorqa xizmati esa yerni shudgor qilish, oʻgʻit, koʻchatlar yetkazib berishda ularga yordam beradi.

A.Haitov maydonni koʻzdan kechirar ekan, bogʻ tashkil etish uchun moʻljallangan qismida dastlabki koʻchat ekish jarayonini boshlab berdi. Ekiladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olishda qanday samarali usullardan foydalanish boʻyicha zarur tavsiyalar, maslahatlar berib oʻtdi.

Parlament quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari A.Haitov Jarqoʻrgʻon tumanidagi uchrashuvi doirasida “Qorayogʻoch” mahallasida joylashgan “Layf Water” MCHJ faoliyati bilan tanishib, yoshlar bilan muloqot qildi, tadbirkorni oʻylantirayotgan masalalar xususida suhbatlashdi.

Mazkur korxona 2020-yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, bu yerda Xitoydan keltirilgan suv qadoqlash uskunasi yordamida mineral suv qadoqlanadi. Xalq vakili qadoqlash uskunasining ishlashi, qadoqlanayotgan mahsulot sifati, tarkibi, uning foydali xususiyatlari bilan qiziqdi.

— Bugungi kunda korxonamizda 20 nafar yigit-qiz mehnat qilmoqda, — deydi “Layf Water” MCHJ rahbari Sh.Jahongirov. — Ularning koʻpchiligi shu mahallada istiqomat qilishadi. Dastlab, korxonamizda “Hydrouzel” yorligʻi ostida 0.5, 1, 1.5, 5 va 10 litrli idishlarga qadoqlangan gazli, gazsiz mineral suv ishlab chiqarila boshlangan boʻlsa, hozirga kelib, 0, 5 litr hajmdagi sharbatlarni ham qadoqlayapmiz. Agar korxonamiz toʻliq quvvat bilan ish boshlasa yana 10 ta ish oʻrni yaratiladi.

Uchrashuvda korxona qoshida OʻzLiDeP quyi boʻgʻini tuzilib, partiya safiga qabul qilingan yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Spiker oʻrinbosari mazkur uchrashuvlari chogʻida Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari va tomorqa xoʻjaliklarini koʻzdan kechirdi.

Denov tumani “Namuna” mahallasida joylashgan 32 gektar yer maydonidagi ekobogʻ koʻchatchilik va urugʻchilikka moʻljallangan boʻlib, bu yerda «Chagʻaniyon agro tomorqa xizmati» MCHJ tomonidan 64 xildagi mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirilmoqda.

Xalq vakili yetishtirilayotgan koʻchatlar bilan birga, bu yerda agroturizm maskaniga aylantirish niyatida qilingan ishlar bilan ham tanishdi.

Ekobogʻda turistlar uchun maxsus yoʻlaklar qilingan boʻlib, ular ushbu yoʻnalish boʻylab bogʻda parvarishlanayotgan 30 ga yaqin mevali va kashtan, archaning lipo, katalpa kabi noyob turlaridan iborat manzarali koʻchatlarni tomosha qilishlari mumkin.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, mazkur ekobogʻ 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda yetishtirilayotgan koʻchatlar joriy yildan boshlab Tojikiston va Qozogʻiston davlatlariga eksport qilinmoqda.

Spiker oʻrinbosari tadbirkorga koʻchatlar uchun zarur boʻladigan oʻgʻitlarni toʻgʻridan-toʻgʻri arzonlashtirilgan narxlarda xarid qilishda yaqindan koʻmak beradigan boʻldi.

Xalqimizda “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan purmaʼno maqol bor. Bu naql bejiz aytilmagan, albatta. Chunki ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuliga toʻqsonbosti deb aytiladi.

A.Haitov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari va tomorqa egalarining faoliyati bilan tanishish, ularga amaliy koʻmak berish maqsadida bir qator mahallalarda boʻlib, aholining tomorqadan samarali foydalanish holatini oʻrgandilar.

Suhbat va muloqotlar davomida toʻqsonbosti va ertaki mahsulotlar xalq isteʼmoliga tayyorligi, bozorga chiqayotgani, eng asosiysi, eksport qilinayotgani ayon boʻldi.

Ishchi guruh aʼzolari tomorqachilarga tayyor mahsulotlarni eksport qilishda qanday muammolar boʻlsa, ularni hal etishga tayyorligini bildirish bilan birga, ularni qiynab kelayotgan koʻplab muammolarni ijobiy hal etishga muvaffaq boʻldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?