Surxondaryoda bloger “rezultat” uchun oʻz uyidan bosib olib ketildimi? — vaziyatga oydinlik kiritildi

19:30 01 Fevral 2021 Jamiyat
5499 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “blogerlarga nisbatan hujum boshlandi” sarlavhasi ostida videotasvir tarqaldi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti shu boʻyicha maʼlumot berdi.

“Surxondaryo viloyati Termiz shahrida IIB xodimlari tomonidan ”Sattoriy Otabek“ ismli blogerning yashash xonadonida tintuv oʻtkazish yuzasidan ruxsat berilganligi, unga nisbatan xodimlar ”rezultat" uchun bironta tuhmatni qoʻyish maqsadida oʻz uyidan kuch ishlatilib bosib olib ketilganligi bayon qilingan. Aslida voqea qanday boʻlgan?!

2021-yil 29-yanvar kuni Sherobod tumani “Qoʻrgʻon” MFYda yashovchi fuqaro Lochin T., ariza bilan murojaat qilib, 2020-yilning dekabr oyida Sherobod tuman hokimligi tomonidan u rahbarlik qiladigan Sherobod tumanida joylashgan “Chinora Gul baraka” dehqon bozorida oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etish topshirigʻi berilganligini, ushbu yarmarkadagi kamchiliklarni bartaraf etish jarayonida oʻzini "bloger Sattoriy Otabek“ deb tanishtirgan shaxs kelib, bozordagi ushbu kamchiliklarni qoʻl telefoniga tasvirga olgan va 2021-yil 28-yanvar kuni bloger Otabek unga qoʻngʻiroq qilib, bozorni videotasvirga olish jarayonida oʻzi foydalanib yurgan “RedMI-5” rusumli uyali telefon apparati sinib qolganligini, agarda unga bir dona yangi “Vivo-X50“ rusumli uyali telefon apparatini sotib olib bermasa, bozordagi salbiy holatlar tushirilgan videotasvirlarni internet ijtimoiy tarmogʻida tarqatib yuborishi bilan tahdid qilayotganligi yuzasidan ”bloger Otabek Sattoriy“ga nisbatan qonuniy chora koʻrishlarini soʻrab, ”bloger Otabek Sattoriy" bilan boʻlgan soʻzlashuvlarni taqdim qilgan.

Olib borilgan tezkor-tadbir davomida, fuqaro Otabek S. Lochin T.danuyining oldida tovlamachilik yoʻli bilan maxsus kimyoviy ishlov berilgan bir dona narxi 5.040.000 soʻm boʻlgan “Vivo-X50" rusumli uyali telefon apparatini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Shu oʻrinda, fuqarolarimizdan asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini, bu kabi yolgʻon xabarlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 202-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 244-6-moddasi “Yolgʻon axborot tarqatish” kabi maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini eslatib oʻtamiz" deyiladi ushbu xabarda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?