Surxondaryoda «Ayollar daftari»dagi 41 mingdan ortiq xotin-qizlarga manzilli yordam koʻrsatildi

14:23 06 Mart 2023 Jamiyat
725 0

Foto: Xalq so‘zi

Bu haqida Termiz tumanidagi «Marvarid» dam olish maskanida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida aytib oʻtildi.

1 ming 600 nafar dilbar opa-singillarimizni jamlagan ushbu shodiyonada Surxondaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov ezgu tilaklar bildirdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hukumatimizning doimiy eʼtibor markazida ekanini alohida taʼkidladi.

Bugungi kunda viloyatda 1 million 387 ming xotin-qiz istiqomat qilmoqda. Ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash, munosib hayot kechirishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash ishlari tizimli olib borilyapti. «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlaring 982 nafari turar joy bilan taʼminlandi. 150 nafar xotin-qizning oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishlari uchun 1 mlrd. 39 mln. soʻmlik shartnoma pullari toʻlab berildi. Shuningdek, 14 ming 975 nafar ayolga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 316 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.

Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan 1 ming 742 nafar xotin-qizlardan zaxira kadrlar shakllantirildi.

Bayram tadbiri davomida 17 nafar xotin-qizga «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni tantanali topshirildi. Ibratli hayoti va turli sohalardagi fidokorona mehnati uchun bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Viloyatda istiqomat qilayotgan, boquvchisini yoʻqotgan, uy-joyga muhtoj 305 nafar ayollarga yangi uy-joylar sertifikati topshirildi. Shuningdek, 428 nafar mahalla xotin-qizlar faollariga kompyuter jamlanmalari berildi.

— Yurtimizda azaldan ayollar ulugʻlangan, ularga yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatilgan. Ana shu qadriyatlarimiz bugun davlat siyosatida darajasida koʻtarilgani Oʻzbekistonda yashovchi har bir xotin-qiz hayotida oʻz ifodasini topayotir desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, har qanday jamiyatning maʼnaviy-madaniy qiyofasi, avval, ayollarga boʻlgan munosabatida namoyon boʻladi. Vohamizning bir guruh eng faol, oila va jamiyatda ibrat namunasini koʻrsatayotgan ayollarni bir davrada jamlagan bayram tadbiri ayni fikrlarim tasdigʻidir. Bayram tadbirida menga ham «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni topshirilganidan behad xursand boʻldim, — deydi jurnalist Sharifa Aliyeva.

Munis va mehribon ayollar shaʼni ulugʻlangan bayram tadbiri bahor, mehr-oqibat, tinchlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarga ulanib, yanada xush kayfiyat baxsh etdi.

Ilhom RAHMATOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер