Surxondaryoda anʼanaviy “Kitobxonlik haftaligi” oʻz ishini boshladi

15:52 22 Aprel 2024 Jamiyat
394 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Farhod ESONOV / “Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabr kungi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2021-yildan buyon mamlakatimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazilib kelinmoqda.

Har yili anʼanaga aylangan mazkur haftalik doirasidagi tadbirlarga bugun Surxondaryo viloyatida ham start berildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi, Adib Sobir Termiziy nomli viloyat axborot-kutubxona markazi va boshqa manfaatdor tashkilot, muassasalar hamkorligida tashkil etilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” joriy yilning 22-26-aprel kunlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Kitobsevar millat” shiori ostida tashkil etilgan haftalikning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar keyingi yillarda mamlakatimizda aholi oʻrtasida kitobxonlikni ommaviylashtirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda, — deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Zaxiriddin Toʻrayev. — Surxondaryo viloyatida ham mazkur qarorning ijrosi yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vohada kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalarning taʼlim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini oʻtkazishga alohida ahamiyat berilmoqda. Haftalik doirasida tashkil etiladigan amaliy seminarlar, ochiq muloqotlar, milliy forum va turli dasturlar kutubxonachilik, noshirlik hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishidagi dolzarb muammolarga yechim topishda muhim ahamiyatga ega.

“Kitobxonlik haftaligi” mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir. Haftalik davomida “Ochiq eshiklar kuni” kitoblar koʻrgazmasi, “Bir farzandga uchta kitob”, “Bir haftada bir kitob”, “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman” aksiyalari tashkil etiladi. Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida oilaviy kitob oʻqish anʼanasini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon ustoz”, “Eng yaxshi kitobxon oʻquvchi” tanlovlari oʻtkaziladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Mazkur haftalikdan koʻzlangan maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitob oʻqishni keng targʻib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi rahbari Mengnor Ollomurod. — Haftalik doirasida joylarda oʻtkaziladigan tadbirlar doirasida kitob yarmarkalarining ham tashkil etilishi barcha uchun foydali boʻlishi shubhasiz.

Shu kunning oʻzida yangi nashr etilgan kitoblar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasidagi tadbirlar vohaning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер