Surxondaryoda 367 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi

23:34 11 Oktyabr 2021 Jamiyat
533 0

Surxondaryo viloyatida 2021-yilning 9 oyi davomida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda hamda qamoqqa olinganlarni saqlashda qonunlarga rioya etilishi ustidan muntazam nazorat amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni maqsadda 108 ta tekshirish va nazorat tadbirlari olib borilib, protestlar asosida 360 ta qonunga zid hujjatlar bekor qilindi yoki qonunlarga muvofiqlashtirildi. Natijada, 42 nafar shaxsning maʼmuriy va intizomiy javobgarlik masalasi hal etildi, jiddiy qonun buzilish holatlari yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda 367 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilindi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi va sohaga oid boshqa qonun hujjatlarining aniq va bir xilda bajarilish ahvolini tekshirish davomida viloyat IIB 41-son manzil-koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan 75 nafar mahkumlarning 35,4 mln. soʻmdan ortiq boʻlgan ish haqlarining undirib berilishi taʼminlandi. Sogʻligi yaxshi boʻlmaganligi sababli, foydali mehnatga jalb etilmayotgan 38 nafar mahkumlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, zaruriy tibbiyot buyumlari va dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻlimi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining aksariyati qanoatlantirilmoqda.

Masalan, Oʻ.Xoʻjamqulovning “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyatiga sud qarori ijrosidan norozi boʻlib yoʻllagan murojaati boʻlim tomonidan koʻrib chiqilib, qarzdor qarzdor Sherobod tuman hokimligi hisobidan undiruvchi Oʻ. Xoʻjamqulov foydasiga jami 111.865.931 soʻm kompensatsiya pullari undirilishi taʼminlandi.

Shuningdek, fuqaro M. Nuraliyevaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga “Ishonch” telefoni orqali sud qarori ijro etilmayotganligidan norozi boʻlib yoʻllagan murojaati boʻlim tomonidan koʻrib chiqilib, qarzdor Qiziriq tuman hokimligi hisobidan M. Nuraliyevaning foydasiga 40.089.311 soʻm yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar undirilib, uning murojaati qanoatlantirildi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?