Surxondaryoda 14,5 mlrd. soʻmlik subsidiya mablagʻlari noqonuniy ajratilganligi aniqlandi

06:10 05 Avgust 2022 Jamiyat
428 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi yuzasidan 2021-yilda Shoʻrchi tumanidagi klasterga qarashli 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish vazifasi mahalliy taʼminotchi korxona zimmasiga yuklatilgan.

Oʻz navbatida taʼminotchi korxona 142,7 gektardagi paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan va unga ketgan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish boʻyicha Shoʻrchi tumani ishchi komissiyasi tomonidan xulosa tuzilib, Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga taqdim etilgan.

Amu-surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslari esa amalda 142,7 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan boʻlsada, unga yana qoʻshimcha ravishda 993 gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta hujjatlar tuzib, davlat byudjetidan klasterga

6 mlrd. 747 mln. 400 ming soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Bunday holat Qumqoʻrgʻon tumanida ham aniqlanib, mahalliy klasterga qarashli 2000 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish koʻzda tutilgan va bu ham aynan yuqorida tilga olingan taʼminotchi korxonaga yuklatilgan.

Qumqoʻrgʻon tumani irrigatsiya boʻlimi boshligʻi va boshqa manfaatdor shaxslar oʻzaro til biriktirib, 2021-yilda 1143 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilinmagan boʻlsada, shuncha maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta xulosalar tuzish orqali klasterga 7 mlrd. 772 mln. 400 ming soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Qumqoʻrgʻon tumani irrigatsiya boʻlimi boshligʻi va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?