Surxondaryo viloyatida ikki tuman hokimi va viloyat hokimi oʻrinbosarlariga intizomiy jazo qoʻllandi

18:56 07 Dekabr 2021 Jamiyat
321 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bugun Surxondaryo viloyati hokimligida navbatdagi videoselektor tarzida hokimlik soati yigʻilishi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik apparati masʼul xodimlari, shahar va tumanlar hokimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yigʻilishni viloyat hokimi Toʻra Bobolov boshqarib bordi.

Yigʻilishda 2021-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturining ijrosi hamda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar holati koʻrib chiqildi.

Muhokama chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgani, “Ijro.gov.uz” elektron tizimiga yetarli asosga ega boʻlmagan maʼlumotlarni kiritish holatlari kuzatilgani hamda ijro intizomini mustahkamlash borasida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun bir necha masʼullarga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Jumladan, viloyat hokimining oʻrinbosari Ilhom Saparov hamda kotibiyat mudiri Farrux Mirzayevga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi, viloyat hokimining oʻrinbosari Alisher Xidirovga, Qiziriq tumani hokimi Ilhom Yusupov hamda Termiz tumani hokimi Shuhrat Urinovga belgilangan tartibda jarima belgilandi.

I. Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?