Surxondaryo viloyatida 30 ming nafardan ziyod aholi gʻalladan boʻshagan yerda takroriy ekin ekishga jalb etiladi

Foto: “Xalq soʻzi”
Ayni kunlarda viloyatda gʻalladan boʻshagan 68 ming 122 gektar yer peshma-pesh shudgor qilinib, asosan ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turuvchi ishsiz, ammo mehnatga layoqatli 30 ming nafardan ziyod aholi vakillariga takroriy ekin ekish uchun ajratib berilyapti.
— Ishsizligim tufayli bir necha yil xorijda mehnat qilishga majbur boʻldim. Takroriy dehqonchilik qilish uchun aholiga imkoniyat yaratilyotganini eshitganimda, birinchilar qatorida murojaat qildim, — deydi muzrabotlik Muhammadali Abdurahmonov. — 3 gektar yer men kabi 11 nafar xorijda ishlab qaytganlarga berildi. Nafaqat yer ajratildi, balki shudgorlanib, urugʻ ham ekib berildi. Qulay fursatdan foydalanib, barakali mehnat qilish va yaxshi daromad olish niyatidaman.
Muzrabot tumanida “Temir daftar”da roʻyxatda turuvchi 13 ta oilaga 13 gektar, “Yoshlar daftari”dagi 189 nafar yigit-qizga 90 gektar, “Ayollar daftari”dagi 109 nafar xotin-qizga 53 gektar, 274 nafar fermer xoʻjaligi ishchisiga 250 gektar, 152 nafar boshqa mehnatga layoqatli ishsiz fuqaroga 73 gektar yer takroriy ekin ekish uchun berildi.
Viloyatning barcha tumanlarida gʻalladan boʻshagan yerlarga mosh, loviya, kungaboqar, karam, yeryongʻoq, poliz ekinlari hamda chorva ozuqasi yetishtirish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirga qadar 25 ming 732 gektar yerga takroriy ekin ekildi. Yerni shudgor qilish, urugʻ qadash kabi agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirishga 400 dan ortiq texnikalar jalb etilgan.
Ona zamin — bitmas-tuganmas xazina manbai. Ekin maydonlaridan unumli foydalanish bu, avvalo ichki bozor uchun zarur qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring