Surxondaryo viloyat hokimi oʻrinbosarlariga hayfsan berildi

Foto: Xalq so‘zi
Termiz shahrida Surxondaryo viloyati hokimining tarmoqlar boʻyicha oʻrinbosarlari, viloyat tashkilot, idora va korxonalari rahbarlari ishtirokida qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, qaror, farmoyish va topshiriqlarining “Ijro.gov.uz” idoralararo elektron tizimi orqali bajarilishi hamda ijro intizomiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Qayd etilishicha, hozirga qadar viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalariga “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali 9 ming 52 ta topshiriq kelib tushgan. Shundan 7 ming 56 tasi ijrosi taʼminlangan, 1 ming 958 ta topshiriq esa ijroga qaratilgan. Jami 32 ta topshiriq ijrosi hozirga qadar bajarilmagan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona maʼmurchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida 2022-yilning 31-dekabr kuniga qadar “Sariosiyo” chegara bojxona postining “Bobotogʻ” bojxona punktini ichimlik suvi bilan taʼminlash choralarini koʻrish belgilangan. Biroq mazkur topshiriq ijrosiga panja orasidan qaralgan. Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 30-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshirigʻiga koʻra, bir oy muddatda Sherobod tumanidagi Xoʻjaikon tuz gʻori negizida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy sihatgoh tashkil qilish uchun salohiyatli investorni jalb etish va 2021-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirishga doir topshirigʻi bajarilmagan. Bundan tashqari davlatimiz rahbarining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq 2022-yil yakuniga qadar viloyatda kamida 16 ming 980 gektar, shu jumladan, 12 ming 300 gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorishni tashkil etish belgilangan boʻlsada, bu vazifa ham paysalga solib kelinyapti.
Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov yoʻl qoʻyilgan ushbu kamchiliklarga munosabat bildirarkan, ijro intizomini taʼminlash barcha darajadagi mutasaddi xodimlar zimmasidagi birlamchi vazifa ekanini taʼkidladi.
“Ijro.gov.uz” tizimidagi topshiriqlar ijrosiga eʼtiborsiz boʻlgani uchun viloyat hokimi oʻrinbosarlari A.Xidirov, I.Saparov, U. Turopovga hayfsan intizomiy jazosi, viloyat hokimi oʻrinbosari A. Oripovga ogohlantirish berildi. Shuningdek, belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlamagan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, viloyat «Suvoqova» DUK rahbariga ham hayfsan qoʻllanilib, Qumqoʻrgʻon tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbarini lavozimidan ozod etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2020 yildan beri o‘zbekistonliklar 255 kg oltin quymalar sotib olgan
- Oʻzbekistonda ilk bor UNWTO Bosh Assambleyasi sessiyasi oʻtkaziladi
- 2023-yil iyul-avgust oylari davomida Davlat byudjeti xarajatlari daromadlarga nisbatan 12,2 trln. soʻmga koʻp boʻlgan
- Oʻzbekistonning togʻli hududlarida 15-sentabr kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring