Surxondaryo: sayyor qabullarda qanday muammolar hal etildi?

18:13 18 Noyabr 2020 Jamiyat
210 0

Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tashkil qilayotgan viloyat sektorlari rahbarlarining ommaviy qabullarida markazdan tortib, to olis-chekka hududlarda yashayotgan aholi qamrab olinmoqda. Jonli muloqotlarda joyida hal qilish imkoni bor masalalarga oʻsha yerning oʻzida yechim topilayotgan boʻlsa, ijrosi muayyan vaqt hamda mablagʻ talab etadigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, nazoratga olinishi natijasida ularni ham bosqichma-bosqich hal qilishga erishilmoqda.

Denov tumanidagi «Totuvli» va “Iftixor” mahallalari aholisini ham shu muammo qiynab kelardi. Ikki mahallani bogʻlab turgan katta anhor ustidagi eski koʻprik qurilganiga 78 yil boʻlgan. Hudud aholisi shu yil avvalida boʻlib oʻtgan ommaviy qabulda bu muammoga yechim soʻragach, masala tegishli dasturlarga kiritildi. Natijada uzunligi 42 metr, eni 12 metrli ulkan koʻprik qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shu yilning fevral oyida viloyatning eng olis nuqtalaridan biri – Oltinsoy tumanining “Vaxshivor” mahallasida oʻtkazilgan viloyat hokimining ommaviy qabulida togʻli qishloq aholisi koʻprik muammosiga amaliy yechim soʻragan edi. Sababi – “Vaxshivor” mahallasi hududidagi “Lalmi” va “Qoʻsharcha” qishloqlari aholisi mahalla markaziga borish uchun uchun 5 km. yoʻlni aylanib oʻtishga majbur edi. Murojaatdan soʻng vaqtinchalik foydalanib turish uchun uzunligi 50 metr boʻlgan osma koʻprik qurildi. Endi 100 nafardan ortiq aholi, shuningdek, maktab oʻquvchilari avvalgidek 5 km masofani aylanib, yurmasdan ushbu koʻprik orqali Vaxshivor markaziga borib-keladigan boʻldi.

Prezidentimizning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan Oltinsoy tumanining “Sayrak” va Denov tumanining Jamatak mahallalarida tashkil etilgan navbatdagi ommaviy qabullarda fuqarolarni oʻylantirib kelayotgan ana shunday masalalarga yechim izlandi.

Oltinsoyning Sayrak mahallasidagi muloqotlarda elektr, suyultirilgan gaz, ichimlik suvi taʼminoti, yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq qator muammolarga yechim topildi. Deylik, Oltinsoy tumani “Mingchinor” mahallasidagi mavjud transformator 1970-yilda oʻrnatilgan boʻlib, allaqachon foydalanish muddatini oʻtab boʻlgan edi. Aholi soni oshib, xonadonlar kengaysa-da, elektr energiyasi bilan bogʻliq muammo muammoligicha qolgan edi. Murojaatdan soʻng mahalla ahli uchun 160 xoʻjalikka moʻljallangan yangi transformator oʻrnatib berildi.

Xuddi shunday murojaatlar asosida “Sayrak” qishlogʻida elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar hal qilinadigan, tomorqalarni sugʻorish uchun barqaror oqar suv bilan taʼminlanadigan, “Chinor” mahallasida esa 2021-yilgi dastur asosida yangi maktab barpo qilinadigan boʻldi. Xidirsho qishlogʻidan qabulga kelgan Soatmoʻmin Abdusattorovning murojaati asosida qishloqqa 2 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 30 ta xoʻjalik obi-hayot bilan taʼminlanadigan boʻldi.

Sayrak qishlogʻida oʻtkazilgan ommaviy qabulda hududdagi Sayrak, Ovchi, Xidirsho, Jobu, Dugʻoba, Ipoq, Moʻminqul, Obshir, Chinor kabi oʻndan ziyod dasht, togʻoldi va togʻli qishloqlar aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Oʻndan ziyod murojaatchilarga viloyat shifoxonalarida davolanishlari uchun imtiyozli yoʻllanmalar berildi.

Shu yerning oʻzida aholiga sayyor davlat xizmatlari ham koʻrsatildi. Deylik, Zulayho Ochildiyeva 15 yoshga toʻlgan boʻlsa-da haligacha tugʻilganlik haqidagi guvohnomaga ega emas edi. Sayyor qabulda bu muammo oʻrganilgach, shu yerning oʻzida hal qilib berildi.

Denov tumanidagi “Chim” mahalla fuqarolar yigʻinining “Jamatak” mahallasida davom ettirilgan ommaviy qabulda Xalq qabulxonasi va viloyat sektorlari rahbarlariga murojaatlarda asosan ichki yoʻllarni taʼmirlash, elektr taʼminoti, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz yetkazib berish, bogʻcha va koʻpriklar qurish, bank kreditlari va tomorqa ajratish kabi dolzarb masalalar kun tartibiga qoʻyildi.

Muloqotlar davomidagi murojaatlar asosida Denov tumanining Namuna mahallasidagi ichimlik suv minorasi, “Chim” mahallasida esa ichki yoʻllar taʼmirlanadigan, eskirgan simyogʻochlar yangi beton ustunlarga almashtiriladigan boʻldi. Mengali Oripovning murojaati asosida esa shu yil oxiriga qadar “Qovunlisoy” mahalla fuqarolar yigʻinida yangi tashkil qilingan qishloqqa transformator oʻrnatilib, elektr tarmogʻi tortiladigan, ichimlik suv minorasi qurib beriladigan boʻldi.

Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi Oltinsoy va Denov tumanlarida tashkil qilgan ommaviy qabullarda 228 ta masala boʻyicha murojaatlar koʻrib chiqilgan boʻlsa, ularning qariyb 120 tasiga joyida yechim topildi. Qolgan murojaatlarni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?