Surxondaryo dunyo polvonlari ishtirokidagi yirik musobaqaga mezbonlik qilmoqda
Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")
Joriy yilning 9 — 12-aprel kunlari Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy XV xalqaro turnir boʻlib oʻtadi. Bugun Termiz xalqaro aeroportida nufuzli turnir ishtirokchilari tantanali tarzda kutib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan bu yil ushbu xalqaro turnir oʻn beshinchi marotaba tashkil etilmoqda.
Maʼlumki, ayni paytda Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyasi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularga 120 dan ortiq davlat aʼzo. Mazkur sport turi boʻyicha jahon va qitʼa chempionatlari, xalqaro turnirlar yuqori saviyada tashkil etib kelinyapti. Jahon arenalarida “halol”, “chala”, “yonbosh”, “gʻirrom”, “dakki” kabi sof oʻzbekcha soʻzlar jaranglayotgani biz uchun chinakam faxrdir.
Musobaqani yuksak saviyada tashkil etish uchun 8400 nafar tomoshabinga moʻljallangan “Alpomish” stadionida yuqori tayyorgarlik ishlari olib borildi. Yurtimizga tashrif buyuruvchi kurashchilar, hakamlar, mehmonlar hamda OAV xodimlari uchun barcha zaruriy sharoitlar muhayyo qilingan. mehmonxonalar, transport, xavfsizlik masalalari, ovqatlanish, madaniy-maʼrifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Termiz koʻchalari xalqaro turnir ruhiga mos bayramona bezatilgan.
Tashkiliy qoʻmita maʼlumotiga koʻra, Al-Hakim at-Termiziy xalqaro turniriga dunyoning toʻrt qitʼasidan 30 ga yaqin davlatlardan 100 nafardan ortiq polvonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, gʻoliblarni aniqlash uchun yettita davlatdan keladigan eng mohir hakamlar musobaqani kuzatib boradi.

Turnirda erkaklar -60, -66, -73, -81, -90 kg hamda mutlaq, ayollar esa -48, -57, -63, -70, +70 kg vazn toifasida oʻzaro bellashadi.
Maʼlumotlarga koʻra, bu yilgi nufuzli bellashuvda mamlakatimiz sharafini 49 nafar polvon himoya qiladi. Ularning 24 nafari surxondaryoliklardir.
Xalqaro turnirning umumiy mukofot jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Har bir vazn toifasida gʻoliblarga 3 ming AQSH dollari, ikkinchi oʻrinni egallagan sportchilarga 2 ming AQSH dollari, uchinchi oʻrin sohiblari esa 1 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofotlari beriladi.
Mutlaq vaznda gʻolib boʻlgan polvon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSH dollariga sazovor boʻladi. Ikkinchi oʻrin sohibi 5 ming, ikkita uchinchi oʻrindan joy olgan polvonlar 3 ming 500 AQSH dollaridan mukofotlanadi.
Ilhom Rahmatov,
Hasan Paydoyev(suratlar),
“Xalq soʻz” muxbirlari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring